"EMMM" DUK yangiliklari

Korrupsiya – iqtisodiy taraqqiyot kushandasi

Korrupsiya Qonun ustuvorligiga, demokratiya va inson huquqlariga, samarali davlat boshqaruviga tahdid soladi, tenglik va ijtimoiy adolat tamoyilini buzadi, demokratik institutlar faoliyati va jamiyatning axloqiy normalarini izdan chiqaradi.

Korrupsiya (lot. Corruptio - buzish, sotib olish) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va qonun-qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Korrupsiya balosi dunyoning istalgan joyida avj olgan eng katta muammolardan biridir. Nafaqat bizning yurtimizda, balki xalqaro miqyosida ham korrupsiya dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Uni yengish, unga qarshi kurashish uchun davlat miqyosida ham xalqaro miqyosida ham turli xil qonunlar qabul qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 3-yanvar 2017-yildagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘gʻrisida”gi O‘RQ-419-sonli Qonuni qabul qilindi.

Ushbu Qonunga muvofiq yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shunday ekan, bunday ma’naviy buzilish holatiga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlarining bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakatigina samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi. So‘zimizni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlari bilan yakunlasak: “Korrupsiya – davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga raxna soladigan gʻoyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish – barchamizning burchimizdir”.


 

Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX 2-toifali muhandisi O.Xamdamov

Faylni tanlang