Joriy yilning 24-iyun kuni Xorazm viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida “Korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish” mavzusida o‘quv soati tashkil etildi.
Tadbirda Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika katta inspektori
B.Z. Jumanazarov ishtirok etib, korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi murosasiz kurashish, shuningdek, kiberjinoyatchilikning zamonaviy ko‘rinishlari va ulardan himoyalanish choralari yuzasidan ma’ruza qildi.
Mashg‘ulot davomida ishtirokchilarga amaldagi qonunchilik talablari, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar hamda amaliy misollar asosida tushuntirishlar berildi.


Ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda korrupsiya hamda kiberjinoyatchilik jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu salbiy holatlar davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim tizimi va fuqarolarning kundalik hayotiga sezilarli zarar yetkazishi mumkin.
Tadbir davomida korrupsiyaning jamiyat rivojiga salbiy ta’siri haqida alohida so‘z yuritildi. Qayd etilishicha, korrupsiya qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga putur yetkazib, jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini izdan chiqaradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish davlat organlari bilan bir qatorda har bir fuqaroning ham muhim burchi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi fonida internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortib borayotgani qayd etildi. Kiberjinoyatchilik kompyuter tarmoqlari, internet va boshqa raqamli vositalar orqali amalga oshiriladigan noqonuniy harakatlar majmui sifatida izohlandi.
Kiberjinoyatlardan himoyalanish uchun axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, murakkab va ishonchli parollardan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga oshkor etmaslik, noma’lum havola va fayllarni ochmaslik hamda ikki bosqichli autentifikatsiyadan foydalanish tavsiya etildi.
Tadbir yakunida korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani yana bir bor e’tirof etilib, bu borada davlat organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tayyorladi: Xorazm viloyati EMM xizmati muhandisi U.Xamrayev