Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zero, ushbu xavfli ijtimoiy illat har qanday jamiyatning rivojlanishiga g‘ov bo‘lib, adolat mezonlarining buzilishiga va fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchining pasayishiga olib keladi.
Shu bois, barcha soha va tarmoqlarda korrupsiyaning barvaqt oldini olish, xodimlarda bu illatga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish muhim vazifalardan sanaladi.
Amaliy harakat va qonunchilik targ‘ibotida
2026-yil 12-iyun kuni Elektromagnit moslashuv markazining 2026-yil 17-fevralda tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy tadbir tashkil etildi. Fargʻona viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik bazasi, shuningdek korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik choralari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida korrupsiyaning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari hamda sohaga oid qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati keng yoritib berildi.
Tadbirning asosiy maqsadi - tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda jamoada “korrupsiyaga qarshi immunitet”ni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Huquqiy asoslar diqqat markazida
Muloqot davomida soha mutaxassislari va ma’ruzachilar tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy poydevori yaratilgani alohida ta’kidlandi. Suhbat ishtirokchilariga sohadagi eng muhim normativ-huquqiy hujjatlar va ularning talablari batafsil tushuntirildi:
O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-son Qonuni: Ushbu hujjat mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi bosh poydevor hisoblanadi. Unda davlat organlari va xodimlarning bu boradagi majburiyatlari, huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlari aniq ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son Farmoni: “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi ushbu tarixiy Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani va korrupsiyaga qarshi “komplaens-nazorat” (compliance control) tizimi joriy etilgani ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi.

Shuningdek, suhbatida Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlarining tub mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Mas’uliyat va javobgarlik choralari
Davra suhbatining eng muhim qismlaridan biri korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qonunchilikda belgilangan qat’iy javobgarlik choralari muhokamasiga bag‘ishlandi. Ta’kidlandiki, har qanday qonunbuzilish holati, u xoh moddiy naf ko‘rish, xoh mansab vakolatini suiste’mol qilish bo‘lsin, jazo muqarrarligiga olib keladi.
Tadbir yakunida Fargʻona viloyati EMMX xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar. Ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina huquq-tartibot idoralarining ishi emas, balki har bir xodimning fuqarolik burchi ekanligini yana bir bor anglab yetdilar.
Tayyorladi: Fargʻona viloyati EMMX 2-toifali muhandisi Sh.Sadixanov