XXI asrda texnologiyalar rivojlanishi bilan ma’lumotlar uzatish global taraqqiyotning asosiy elementiga aylandi. Hozirgi vaqtda simsiz ma’lumot uzatishning asosiy usuli bo‘lgan Wi-Fi uylar, ofislar va jamoat joylarida keng qo‘llaniladi. Biroq, ma’lumot uzatish tezligini oshirish, xavfsizlikni kuchaytirish va energiya sarfini kamaytirish kabi talablar yangi yechimlarni talab qilmoqda. Shunday istiqbolli yo‘nalishlardan biri yorug‘lik orqali ma’lumot uzatishni ta’minlovchi Li-Fi (Light Fidelity) texnologiyasidir.
Li-Fi nima?
Li-Fi — bu ma’lumotlarni uzatish texnologiyasi bo‘lib, ko‘rinadigan yorug‘lik, ultrabinafsha yoki infraqizil diapazonidagi elektromagnit to‘lqinlar asosida ishlaydi. Wi-Fi radioto‘lqinlaridan foydalangan holda ishlayotgan bo‘lsa, Li-Fi yorug‘lik diodlari (LED) yordamida ma’lumotlarni uzatadi. Ushbu diodlar inson ko‘ziga sezilmaydigan darajada tez miltillaydi. Ushbu mikroskopik yorug‘lik o‘zgarishlari qabul qiluvchi tomonidan raqamli ma’lumot sifatida talqin qilinadi.
Li-Fi ning asosiy ishlash prinsipi yorug‘lik modulyatsiyasiga asoslangan. Yorug‘lik diodlari yuqori chastotada yonib-o‘chadi, bu esa ikkilik ma’lumotlarni (0 va 1) uzatishga imkon beradi. Signalni o‘zgartirish fotodetektorlar yordamida amalga oshiriladi, ular yorug‘lik impulslarini qabul qiladi va ularni elektr signaliga aylantiradi.
Li-Fi ning afzalliklari
1. Yuqori ma’lumot uzatish tezligi - Li-Fi 224 Gbit/s gacha tezlikka erishish imkoniyatiga ega. Bu texnologiya 4K/8K formatdagi video oqimlari, virtual reallik va bulutli hisoblash kabi yuqori o‘tkazuvchanlik talab qiluvchi ilovalar uchun ideal yechim bo‘la oladi.
2. Yuqori xavfsizlik - Yorug‘lik to‘lqinlari devor orqali o‘tmagani sababli, Li-Fi signali bino tashqarisida ushlanmaydi. Xavfsizlik va maxfiylik yuqorilikni talab qiladigan obyektlarda foydalanish bu texnologiyani yanada jozibador qiladi.
3. Radiochastota shovqinlarining yo‘qligi - Li-Fi radioto‘lqinlardan foydalanmaydi, shuning uchun u tibbiy asbob-uskunalar yoki aviatsiya aloqa tizimlari kabi qurilmalarga shovqin va xalaqitlar hosil qilmaydi.
4. Energiya tejamkorligi - Li-Fi yoritish uchun allaqachon ishlatilayotgan yorug‘lik diodlaridan foydalanadi. Bu yoritish va ma’lumot uzatish funksiyalarini birlashtirib, umumiy energiya sarfini kamaytiradi.
5. Keng qo‘llanilish sohalari - Ko‘rinadigan yorug‘likdan foydalanish tufayli, Li-Fi mavjud yoritish tizimlariga integratsiya qilinishi mumkin, bu esa uni universal texnologiyaga aylantiradi.
Li-Fi ni qo‘llash sohalari
1. Ofislar va tijorat binolari: Li-Fi yuqori tezlikdagi Internet aloqasini ta’minlash uchun ofislarda qo‘llanilishi mumkin, mavjud Wi-Fi tarmoqlarini to‘ldiradi yoki almashtiradi.
2. Tibbiyot muassasalari: Shifoxona va klinikalarda radioto‘lqinlarning shovqinlari tibbiy uskunalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Li-Fi xavfsiz muqobil texnologiya sifatida ma’lumot uzatishni ta’minlaydi.
3. Avtomobil sanoati: Li-Fi avtomobillar o‘rtasida yoki avtomobillar va yo‘l infratuzilmasi o‘rtasida ma’lumot almashish uchun ishlatilishi mumkin. Bu avtonom boshqaruv tizimlarini rivojlantirishga yordam beradi.
4. Ta’lim: Ta’lim muassasalarida Li-Fi ma’lumotlarga ishonchli va xavfsiz kirishni ta’minlab, ma’lumotlarning sizib chiqish xavfini kamaytiradi.
Wi-Fi va Li-Fi texnologiyalarining farqlari
Li-Fi standartlari
Li-Fi texnologiyasi asta-sekin standartlashtirilib, mavjud aloqa infratuzilmasiga integratsiya qilinmoqda.
1. IEEE 802.11bb - 2023-yil iyul oyida IEEE 802.11bb standarti qabul qilindi, bu Li-Fi ni simsiz aloqa texnologiyasi sifatida belgilaydi. Ushbu standart Li-Fi ni Wi-Fi ekotizimiga integratsiya qiladi, bu esa Li-Fi ning mavjud tarmoqlarni to‘ldiruvchi texnologiya sifatida ishlashiga imkon beradi.
2. ITU G.vlc - Xalqaro Telekommunikatsiya Ittifoqi (ITU) Li-Fi texnologiyasidan foydalanish uchun G.vlc standartini ishlab chiqmoqda.
IEEE 802.11bb kabi standartlar Li-Fi va Wi-Fi ni birlashtirgan gibrid tizimlarni yaratish imkonini ochib beradi, bu esa signal sharoitlariga qarab ikki texnologiya o‘rtasida muammosiz o‘tishni ta’minlaydi.
Jizzax viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi X.A.Israilov