Soha yangiliklari

“Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–76-son Farmoni imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Prezidentning 2023-yil 24-may kuni “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–76-son Farmoni imzolandi.

body_imageRaqamli texnologiyalar sohasida soʻnggi yillarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina, joriy yil birinchi choragida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari hajmi 6,2 trln soʻmni (oʻsish 121 foiz), IT-xizmatlar hajmi esa 2,4 trln soʻmni (oʻsish 129 foiz) tashkil etdi. Misol uchun, xizmatlar yoʻnalishidagi 10 ta eng koʻp soliq toʻlovchilardan 7 tasi soha korxonalari hissasiga toʻgʻri keldi (“Oʻzbektelekom” AK 273 mlrd, “Unitel” MCHJ 199 mlrd, “UMS” MCHJ 87 mlrd soʻm, “COSCOM” MCHJ 44 mlrd soʻm).

Shuningdek, sohada xizmatlar eksporti 96,1 mln dollar (oʻsish 2 baravar)ga, shu jumladan, IT-xizmatlar eksporti 57,2 mln dollar (oʻsish 3,3 baravar)ga yetdi.

IT-Park rezidentlari 180 taga koʻpayib, ularning soni 1,3 mingtaga yetdi, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 25 taga oshdi va jami 185 taga tashkil etdi.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamli transformatsiya qilish doirasida 31 ta loyiha amaliyotga joriy etildi. Misol uchun, bojxona omborlarida (370 ta) yuk operatsiyalari raqamlashtirilishi natijasida 5,3 mlrd soʻm mablagʻlar iqtisod qilindi va rasmiylashtirishga ketadigan vaqt 3 soatdan 30 daqiqagacha qisqartirildi.

Elektron hukumat yoʻnalishida yagona portalda qoʻshimcha 36 turdagi xizmat onlayn shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi va jami xizmatlar soni 413 taga yetkazildi.

Elektron hukumat Idoralararo platformasiga qoʼshimcha 50 ta axborot tizimlari (jami 120 ta) integratsiya qilinib, davlat idoralari oʼrtasida 840 milliondan ortiq maʼlumotlar almashinuvi taʼminlandi. Natijada, birgina qogʼoz va transport xarajatlari uchun 36 mlrd soʼm (yiliga 140 mlrd soʼm) mablagʼ iqtisod qilinishiga erishildi.

Oʼzbekistonda Internet va aloqa xizmatlari yanada hamyonbop boʼlmoqda. Jumladan, Xalqaro elektraloqa ittifoqi (The International Telecommunication Union (ITU)ning 2022-yil yakuni boʼyicha hisobotida mamlakatlar kesimida Internet xizmatlari narxlari oʼrganib chiqilgan. Ushbu hisobotda Oʼzbekiston BMTning 2 foizlik maqsadli koʼrsatkichini bajargan davlatlar qatoriga kiritildi.

Shu kabi ishlarning uzviy davomi sifatida hamda raqamlashtirish va telekommunikatsiya sohasini yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Oʼzbekiston Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʼrinlarda – Yagona portal) raqamli xizmatlar va servislarni koʼrsatish hamda ularning natijasini olish uchun yagona foydalanish nuqtasi hisoblanadi;

Yagona portal orqali koʼrsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi;

2023-yil 1-dekabrga qadar fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi;

2024-yil 1-yanvarga qadar raqamli xizmat va servislar, elektron toʼlovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy shakli joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladigan davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʼyicha ustuvor loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi;

 “qogʼozsiz ish yuritish” intizomini kuchaytirish maqsadida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga:

2023-yil 1-sentabrdan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari;

2024-yil 1-maydan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning hududiy boʼlinmalari va tasarrufidagi tashkilotlari toʼliq oʼtkaziladi. 

 2023-yil 1-avgustdan boshlab davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablagʼlarning 50 foizi kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yoʼnaltiriladi;

ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʼlgan tashkilotlarga ishlab chiqarish va xizmat koʼrsatish jarayonlarini raqamlashtirish boʼyicha loyihalarni amalga oshirish natijasida iqtisod qilingan mablagʼlar hisobidan loyiha uchun bevosita masʼul xodimlarni moddiy ragʼbatlantirish mexanizmi joriy etish tavsiya etiladi;

2023-yil 1-sentabrdan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida “raqamli hukumat” tizimining yagona identifikatorlari hamda maʼlumotnomalar va tasniflagichlari registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat maʼlumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart.

2023-yil 1-avgustdan boshlab, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikatga ega davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʼlgan xodimlariga oʼrnatilgan ustamalarga qoʼshimcha ravishda byudjetdan tashqari va ish haqi fondi doirasidagi byudjet mablagʼlari hisobidan lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama;

2024-yil 1-yanvardan boshlab Аxborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspektsiyasi tomonidan har yarim yillikda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik subʼektlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi eʼlon qilib boriladi.

Faylni tanlang