Bugun, 7-avgust kuni Samarqand shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumning ilk kuni o‘z ishini boshladi.
Forumda raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari, davlat tashkilotlari vakillari, xorijiy delegatlar, jumladan, MDH davlatlarining sun’iy intellekt bo‘yicha mas’ul rahbarlari ishtirok etmoqda.
Dastlab bugungi kunda raqamlashtirish hamda sun'iy intellekt sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida videorolik namoyish etildi. Tadbirning ochilishida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos o‘z nutqi bilan ishtirok etdi.
Forumning birinchi sessiyasida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o'rinbosari O. Pekos, Rossiya Federatsiyasining Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Borisenko, Ozarbayjon Respublikasi Fan va Ta’lim vazirligi qoshidagi Boshqaruv tizimlari instituti bosh direktori Ali Abbasov, “Yandex” kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish direktori Aleksandr Kraynov qatnashmoqda.
Sessiya “Sun’iy intellekt sohasidagi milliy strategiyalar va tashabbuslar: MDH davlatlari tajribasi va kelajak ustuvor yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Sessiyada sun’iy intellekt bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda muvaffaqiyatli tajribalar, hozirgi natijalar hamda raqamli transformatsiya doirasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilinmoqda.
Mazkur Forum Artificial Intelligence Journey (AIJ), IT Park, Huawei, Yandex, DataVolt kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.