Soha yangiliklari

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” o‘z ishini boshlamoqda

Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi 2017 yilning 25 avgustidan boshlab arizalar qabul qila boshladi hamda o‘zining – www.muic.uz rasmiy saytini ishga tushirdi.

Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi to‘g‘risidagi Nizomga asosan buyurtmalar onlayn rejimida uning rasmiy sayti orqali qabul qilinadi. Shuningdek, buyurtmalar shaxsan yoki pochta aloqasi orqali ham qabul qilinadi.

O‘zbekistonning qaysi hududida ro‘yxatdan o‘tganligidan qat’iy nazar, barcha yuridik shaxslar Innovatsiya markazining rezidenti maqomini olishga nomzod bo‘lishlari mumkin.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center”ga qiziqish bildirgan yuridik shaxslar barcha talablarni, rezidentlarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni markazning rasmiy saytidan olishlari mumkin.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Direksiyasi ro‘yxatdan o‘tgan rezidentlar hamda Innovatsiya markazining tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z sayti orqali doimiy tarzda yoritib boradi.

Eslatib o‘tamiz, “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining asosiy maqsadi – AKT sohasida ishlab chiqarish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari rivoji uchun qulay sharoitlarni yaratishdir.

Prezident farmoni bilan Innovatsiya markazi ishtirokchilariga bir qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan. Jumladan, 2028 yilning 1 yanvar kuniga qadar markaz rezidentlari soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etildilar. Rezident ishchilar uchun daromadlar jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan qayd qilingan stavka bo‘yicha 7,5 foiz soliq undirilishi, Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foiz stavka bo‘yicha sug‘urta badallari to‘lashlari ko‘zda tutilgan.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Direksiyasi O‘zbekistonning IT kompaniyalarini mazkur loyihada ishtirok etib, mamlakatimiz axborot texnologiyalarining rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlariga chaqiradi. Biz hamkorlik uchun ochiqmiz.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Direksiyasi bilan bog‘laning.

Manzil: Toshkent sh., Mirzo-Ulug‘bek tumani, Ziyolilar ko‘chasi, 13a – uy.

Telefon: (998 71) 289 99 94

E-mail: info@muic.uz

Vebsayt: www.muic.uz

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang