Sirdaryo viloyati EMMXga mobil aloqa operatorlarining biridan tashqi interferensiya to‘g‘risida ariza kelib tushdi. Mobil aloqa tarmog‘idagi interferensiya sabablarini aniqlash jarayoni - bu radiosignallar o‘rtasida o‘zaro xalaqitlarni keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash jarayoni bo‘lib, aloqa sifatining yomonlashishiga, ma’lumotlar uzatish tezligining pasayishiga, xatolar sonining ko‘payishiga va hatto abonentlarga vaqtincha xizmat ko‘rsatishni to‘xtab qolishiga olib keladi. Ushbu jarayon tarmoq parametrlarini texnik tahlil qilish, radiochastota spektri monitoringini amalga oshirish va radioxalaqit manbalarining yo‘nalshini aniqlash ishlarini o‘z ichiga oladi.
Radioxalaqitlarning ehtimoliy manbasini aniqlash bo‘yicha ishlar bir necha bosqichda amalga oshirildi:
Dastlabki bosqichda Sirdaryo viloyati EMMX xodimlari mobil aloqa operatori mutaxassislari bilan hamkorlikda tashqi interferensiya ta’sir etayotgan mobil aloqa tayanch stantsiyalarning (azimutlar va sektor antennalarining egilish burchaklari) ish faoliyatini batafsil texnik tahlil qildilar. Ma’lumotlarni tahlil qilish mobil radiomonitoring stansiyalari uchun ustuvor bo‘lgan harakat yo‘nalishlarini aniqlashga va ishlarni samarali tashkil etishga imkon beradi. Oldindan belgilangan hududni maqsadli tekshirish resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi, radioxalaqit manbasini tezroq lokalizatsiya qilishga va buzilishlarni bartaraf etish vaqtini qisqartirishga imkon beradi.
Qidiruvning taxminiy hududini (yo‘nalishini) aniqlash. Tahlil natijalariga ko‘ra radiomonitoring tadbirlarini o‘tkazish zarur bo‘lgan hudud (yo‘nalish) aniqlandi. Radioxalaqitlarning parametrlarini - masalan, chastota, signal sathi, vaqt oralig‘i, shuningdek radiomonitoring ma’lumotlarini dastlabki tahlil qilish asosida radioxalaqit manbai taxmin qilingan hudud yoki yo‘nalish aniqlanadi. Mobil radiomonitoring guruhining harakatlanish yo‘nalishini aniqroq rejalashtirishni ta’minlash uchun qidiruv maydonini qisqartirish va radiomonitoring tadbirlarining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash zarur.
Radioxalaqitlarning ehtimoliy manbai joylashgan joyga chiqish. Shundan so‘ng Sirdaryo viloyati EMMX xodimlari tomonidan radioxalaqit manbai joylashgan joyga chiqish amalga oshirildi va mavjud radionazorat vositalari yordamida radiomonitoring tadbirlari tashkil etildi. Radioxalaqitlar murakkab va o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin, shu sababli faqat taxmin qilingan joyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashrif buyurish orqali manba joylashgan joyni mobil radiomonitoring stansiyasi va boshqa olib yuruvchi o‘lchov uskunalari yordamida aniqlashtirish mumkin. Joylarga chiqqan holda radioxalaqitlarning turini (qasddan, beixtiyor, uzluksiz va hokazo) aniqlash va uni hosil qiladigan texnik vositalarni (uskunalarni) aniqlash mumkin (masalan, nosoz elektr ta’minoti, nosoz radiostansiya, maishiy texnika va boshqalar). Faqatgina joylarga chiqqan holda hududning relyefi va binolarning joylashuv joyini, shuningdek radiochastota spektri bandligining haqiqiy holati haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Bu omillar esa radioxalaqitlarning xususiyatlariga ta’sir qilishi mumkin.
Radiomonitoringni tashkil etish. Radiomonitoring tadbiri radioefirda doimiy tashuvchi signallarni, shuningdek, mobil aloqa tarmog‘ining chastota diapazonida keng polosali shovqin yoki xalaqitlarni qidirishga qaratildi. Texnik o‘lchov ishlari mobil radiomonitoring stansiyasining pelengatori, shuningdek, olib yuruvchi o‘lchov uskunasining yo‘nalishli antennasi yordamida amalga oshirildi. Bir nechta o‘lchov nuqtalarida radioxalaqitlarning ehtimoliy manbasining azimutlari aniqlandi, chunki azimutlarning kesishtirish usuli aniq joyni topishga yordam beradi. Pelengatsiya natijalariga ko‘ra, radioefirda mobil aloqa tarmog‘ining chastota diapazonida uzluksiz (doimiy) kengpolosali signal qayd etildi. Keyin esa vizual tekshirish va yo‘nalishni aniqlash natijalariga ko‘ra obyektlarda (turar-joy binolari, ofislar, texnik binolar) tashqi antennalar mavjudligi ko‘zdan kechirildi. Radioxalaqit manbasini qidirish bo‘yicha ko‘rilgan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar natijasida yuridik shaxs hududidagi turar-joy binolari yaqinida o‘rnatilgan 3 dona mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalari aniqlandi.


Radioxalaqit manbasini bartaraf etish. Radiomonitoring natijalari asosida mobil aloqa tarmoqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalaridan foydalanish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Sirdaryo viloyati hududiy shu’basi va huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi. Amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 3 dona mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalarining faoliyati to‘xtatildi (antennalar demontaj qilindi), REV egasiga esa REVdan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirish xati berildi.


Radiochastotalar bo‘yicha Respublika Kengashining 2022-yil 23-avgustdagi 707-sonli qaroriga muvofiq texnik shartlarga mos kelmaydigan boshqa mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqish (yaratish), modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish, xorijdan olib kirish (xorijdan xarid qilish) va ulardan foydalanish qat’iyan man qilinadi. Retranslyator qurilmalaridan foydalanuvchilar o‘zlari tomonidan foydalanilayotgan qurilmalardan, mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga radioxalaqit hosil bo‘lishini oldini olish uchun barcha zarur bo‘lgan tashkiliy-texnik choralarni ko‘rishlari kerak.
Tayorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov