Joriy yilning 21-yanvar kuni “EMMM” DUK xodimlari O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdilar.
Bugungi kunda muzey xazinasida XIX asrning birinchi yarmidan to hozirgi kunlarimizgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan qo‘li gul ustalar tomonidan yaratilgan bebaho amaliy san’at durdonalari yig‘ilgan.
Muzey xazinasida saqlanayotgan xalq amaliy san’at asarlarini badiiy jihatdan uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchidan, bu qadimiy an’analar asosida yaratilgan, har bir hudud ichidagi o‘ziga xosligini aks ettirgan maktablarga oid amaliy san’at asarlari; Ikkinchidan, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, xalq ustalari an’anaviy uslubini yo‘qotmagan holda uni o‘z ijodiy xofizasi bilan rivojlantirib, yanada badiiy bezak bilan boyitib yaratilgan asarlardir. Uchinchi guruh esa, bugungi kun amaliy san’at taraqqiyotidan kelib chiqib, rang-barang turfa naqshlar bilan bezatilib, zamonaviy san’at talablari darajasidagi yetuk asarlardan iborat.
Muzey zaxirasida to‘plangan buyumlar 20 nomdagi kolleksiyaga ajratilib saqlanadi va shu turlar bo‘yicha ekspozitsiyalarda namoyish qilinadi.
O‘zbek xalqi o‘zining qadimiy amaliy san’ati bilan jahonga mashhurdir. Zebi ziynatli buyumlar yasash san’ati xalqimiz ijodining eng qadimiylaridan hisoblanadi. Bu nodir xalq badiiy hunarmandchiligi namunalarini me’moriy yodgorliklar, ganch, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlikda, shuningdek, misgarlik, zargarlik, kulolchilik, gilamdo‘zlik, ipak va ip gazlamachiligi, zardo‘zlik, kashtachilik va o‘nlab boshqa amaliy san’at turlarida o‘z namunalarini saqlab qolgan. Bugungi kunda yuksak va noyob san’at durdonalari darajasiga ko‘tarilgan bu bebaho merosimiz muzeylarimizda saqlanib kelinmoqda.
Muzey zallarida sayr etar ekansiz, inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘jizalarni, betakror san’at nafisligini ko‘rib, olam-olam zavq olasiz.