UZINFOCOM’ning MyID biometrik verifikatsiya tizimi Amerikaning “iBeta Quality Assurance” laboratoriyasida ISO/IEC 30107-3, Level 2 xalqaro standartiga muvofiqlik bo‘yicha mustaqil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Eng muhimi, MyID Markaziy Osiyoda iBeta Level 2 sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan, to‘liq mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan yagona yechim hisoblanadi. Bu nafaqat UZINFOCOM, balki mintaqaning texnologiya sohasi uchun ham ulkan natija bo‘lib, O‘zbekistonda yaratilgan biometrik texnologiyalarning xalqaro talablarga to‘liq javob berishini tasdiqlaydi.
Sinov jarayonida MyID tizimining soxta yuz artefaktlaridan foydalangan holda shaxsni soxtalashtirish (o‘rniga kirish) bo‘yicha turli urinishlarga nisbatan chidamliligi tekshirildi. Barcha hujumlar tizim tomonidan muvaffaqiyatli qaytarildi, haqiqiy foydalanuvchilar esa verifikatsiyadan hech qanday to‘siqsiz o‘tishda davom etdi.
iBeta Quality Assurance — NIST/NVLAP tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan va biometrik texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan AQShning mustaqil laboratoriyasidir. Uning sinov natijalari texnologiya kompaniyalari, moliya institutlari hamda regulyatorlar uchun biometrik yechimlar ishonchliligini baholashda muhim mezon (mo‘ljal) bo‘lib xizmat qiladi.
MyID uchun bu O‘zbekistonning o‘z ishlanmalari xalqaro talablarga javob bera olishi va global miqyosda raqobatlasha olishining yana bir tasdig‘idir.