Soha yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti soha oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalarni amalga oshirilishi muhokama qilindi

22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2017 yilda soha oldida turgan ustuvor vazifalar hamda ularning ijrosi muhokama qilindi. Hay’at yig‘ilishida vazirlikning hududiy boshqarma hamda tizimdagi muassasalarning joylardagi bo‘linmalari videokonferensaloqa yordamida qamrab olindi. Kun tartibiga ko‘ra, yig‘ilishda 5 ta muhim masala ko‘rib chiqildi. 

Birinchi masala sifatida xalqaro reytinglar asosida mamlakatning telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishning quyidagi choralari belgilab olindi. 
- qisqa muddatda aloqa bilan yetib bormagan hududlarni, shuningdek aholi punktlarini bir-biri bilan bog‘laydigan magistral avtomobil yo‘llari va temiryo‘llarni mobil aloqa bilan qamrab olish; 
- simli keng polosali internet abonentlariga IP texnologiyasi asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini oshirish;
- respublika miqyosida telefoniya xizmatlari uchun yagona tarif xizmatlarini joriy qilish, shuningdek yangidan qurilayotgan va kapital ta’mirdan chiqarilayotgan ishlab chiqarish va turar-joy binolarini loyihalashtirish hamda qurilish jarayonida ularni telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini hisobga olish choralarini ko‘rish; 
- respublikadagi yirik aholi punktlarining 4G hamda Wi-Fi tarmoqlari qamrovini kengaytirishni tezlashtirish; 
Bu borada "O‘zbektelekom" kompaniyasiga xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha tezlikni oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, shu bilan birga keng polosali portlar sonini 1,5 mln donaga ko‘paytirish, Xalqaro paketli kommutatsiya markazi o‘tkazuvchanligini kengaytirish hamda internet-xizmatlari narxlarini arzonlashtirish vazifalari yuklatildi. 

Ikkinchi masala sifatida AKT sohasida ta’lim jarayonini yaxshilash mavzusi muhokama qilindi. Bugungi AKT sanoati ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’limiy dastur va o‘qitish tizimlarini ishlab chiqishning ahamiyati ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda «UNITEL» MChJ tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan harakatlar rejasi taqdim etildi va quyidagi maqsadli harakatlarni amalga oshirish qabul qabul qilindi: 
- VimpelCom Ltd., xolding kompaniyasi bilan ta’lim sohasida. AKT sanoati va telekommunikatsiya bozori uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan anglashuv Memorandumining loyihasini tayyorlash; 
- Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini 2021 yilga qadar jahonning eng ilg‘or universitetlari “mingtaligi”ga kiritish uchun xorijiy yetakchi universitetlarning yetakchi ekspertlarini TATU ga jalb qilish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish;
- amaliy dars mashg‘ulotlarini tashkil qilishga mo‘ljallangan innovatsion smart-markazlar va laboratoriyalarni yaratish, yoshlarning startap-loyihalarini amalga oshirish, jahonning yetakchi kompaniyalaridan IT-ekspertlarning ma’ruzalarini tashkil qilish.

Kun tartibiga ko‘ra, navbatdagi masala sifatida «O‘zbekiston pochtasi» AJ rahbariyatining jamiyatning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha hisoboti tinglandi. Muhokamalarda taqdimotda "faoliyatni xalqaro tajriba asosida yangicha shaklga o‘zgartirish"ga oid rejalarning puxta emasligi aytilib, quyidagi ishlarni amalga oshirish yuklatildi: 
- xalqaro pochta aloqasining bugungi rivojlanish yo‘nalishlarini yaqindan o‘rgangan holda, «O‘zbekiston pochtasi» AJ faoliyatini tubdan takomillashtirish choralarini ko‘rish;
- zarur choralar yordamida, jumladan yirik investitsion loyihalar asosida jamiyatni aholiga bugun talab yuqori bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi zamonaviy kompaniyaga aylantirish, yangi pochta xizmatlarini, xususan elektron tijorat xizmatlarini joriy qilish.

Hay’at yig‘ilishida davlat organlarida ijro-intizomini nazorat qiluvchi Yagona idoralararo elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha loyihaning amalga oshirilishi to‘rtinchi masala sifatida muhokama qilindi. Unga ko‘ra: 
- davlat organlarida ijro-intizomini nazorat qiluvchi Yagona idoralararo elektron tizimini to‘liq ishga tushirishni tezlashtirish;
- tizimning mamlakatimizda mavjud me’yoriy-huquqiy asoslarga muvofiqligini o‘rganish; 
- davlat organlarining, asosan joylardagi mahalliy davlat hokimiyat organlarining bu tizimga texnik tayyorligi, shuningdek kadrlarning undan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini o‘rganish; 
- har bir rahbar va davlat organi xodimining kundalik faoliyatini mazkur tizim asosida tashkil qilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining davlat organlariga yuklatilgan vazifalarining ijrosi ustidan real vaqt rejimida monitoring o‘rnatilishini kuchaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. 

Yig‘ilishda so‘nggi masala sifatida "Xavfsiz shahar" apparat-dasturiy ta’minot kompleksini yaratishning bugungi holati va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish bo‘yicha IIV va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda takliflarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish vazifasi berildi. 
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lumotlarni markazlashgan holda to‘plash va tahlil qilish, muayyan hudud miqyosida holatni monitoring qilish, tezkor chaqiriq va favqulodda vaziyatlarda kuchlarning tezkor qarshiligini tashkil qilish orqali jamiyatda tartib va xavfsizlik darajasini sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, video-kuzatuv tizimiga asoslangan holda, istiqbolda barcha favqulodda xizmatlar yagona "112" raqamiga o‘tkazilishi qayd etildi. 

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Xalqaro kiberxavfsizlik indeksidagi o‘rnini ko‘tarish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar ishtirokida chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. 

Sohadagi har bir rahbar e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriq hamda vazifalarini samarali va natijador qilib amalga oshirish, shuningdek ijro-intizomini oshirishga qaratildi. 

Kun tartibida ko‘tarilgan masala va muhokamalar yuzasidan hay’at yig‘ilishining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang