"EMMM" DUK yangiliklari

Sirdaryo viloyati hududida hamkorlikda o‘lchov ishlari amalga oshirildi

Bugungi kunda mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.

Mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlanishi bevosita telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanish darajasi va ulardan foydalanish imkoniyatiga bog‘liqligi isbotlangan. O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, yo‘qotishlarni kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olishning aniqligi va to‘liqligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 594-son Qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorga asosan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerakligi belgilab qo‘yilgan:

-elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilish tizimining konsentratorlari o‘rnatiladigan hududlarda aloqa va internet qamrovi bilan ta’minlanganligi va aloqa sifatining texnik talablarga mosligi darajasini o‘rganish;

-barcha hududlarni aloqa va internet qamrovi bilan ta’minlash hamda aloqa sifatini texnik talablarga moslashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda uning amalga oshirilishini ta’minlash.


 

 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi, Sirdaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati, mobil aloqa operatorlari xodimlari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakillari bilan birgalikda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha muntazam ravishda kompleks tashkiliy-texnik chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

 

Xususan, 2021-yilda mobil aloqa va mobil internet qamrovi hududini aniqlash bo‘yicha 67 ta, 2022-yilning 11,12-may kunlari esa 13 ta konsentratorlar o‘rnatilgan joylarda o‘lchov ishlari o‘tkazildi.

 

 

 

O‘tkazilgan o‘lchov ishlari natijalariga ko‘ra belgilangan tartibda “Mobil aloqa tarmoqlari signallarini o‘lchash dalolatnomalari” tuzildi va mutaxassislar tomonidan transformator nimstansiyalarida o‘rnatilgan kontsentratorlarni mobil aloqa bilan ta’minlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

 

 

Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi-Raimdjanov J.S.

Faylni tanlang