Soha yangiliklari

Qo‘mita majlisida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy Qonun muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy Qonun bilan Markaz hududida maxsus huquqiy rejimni yaratish, xususan, ro‘yxatga olish, litsenziyalash va tadbirkorlik tartib-taomillarini soddalashtirish, tijorat operatsiyalarini tartibga solishda xalqaro standartlarni qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, moslashuvchan soliq va bojxona rejimi, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilish, asbob uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish belgilanmoqda.

Qonunda Markaz va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning aniq tartiblarini belgilash, biznes yuritishda ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2030 yilga qadar yurtimizda raqamli xizmatlar eksportini 5 mlrd AQSH dollariga yetkazish mumkin, iqtisodiyotimizda yuqori daromad keltiruvchi 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, shuningdek, ko‘plab iqtidorli yoshlar yurtimizda qolib iqtisodiyot rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishiga sharoit yaratiladi.

Senatorlar tomonidan Konstitutsiyaviy Qonun IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga, raqamli sektorga kirib keladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirishga, raqamli texnologiyalar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratishga, IT xizmatlari eksport hajmini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokama yakunida Qonunni navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritish yuzasidan Qo‘mita qarori qabul qilindi.

Faylni tanlang