Mustaqillik yillarida aloqa sohasida ham juda katta islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Namangan viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati ham o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqda.
Xizmatimizning zamonaviy radiomonitoring tizimlari bilan ta’minlanganligini alohida e’tirof etish joiz. Bu, o‘z navbatida, mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
So‘nggi yillarda xizmatimiz tarkibi yosh kadrlar bilan to‘ldirildi. Natijada samarali mehnat faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xodimlarning bilim va ko‘nikmalari muntazam oshirib borilmoqda.
Virtual va Xalq qabulxonalarining yo‘lga qo‘yilganligi barchamizga yanada mas’uliyatli vazifalarni yukladi. Namangan viloyatining aksariyat qismi tog‘li hududlardan iborat bo‘lganligi sababli, qishloq joylarda yashovchi aholi tomonidan aloqa sifati bo‘yicha ko‘plab murojaat va shikoyatlar kelib tushmoqda. Xizmatimiz xodimlari esa ushbu hududlarda aloqa qamrovini o‘rganib, o‘zlarining tegishli xulosalarini berib kelmoqdalar.
Viloyatning tog‘li va olis hududlarida aloqa sifatini ta’minlash yuzasidan berilayotgan tegishli xulosalarimiz natijasida, aholining plastik kartalardan foydalangan holda savdo qilishi, tadbirkorlarning savdo terminallari muammosiz ishlashi ta’minlanmoqda.
Joriy yilning 18 mart kuni Elektromagnit moslashuv markazi tomonidan viloyatimizda faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun onlayn sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabul davomida ishtirokchilarning murojaatlari, taklif va savollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Mavjud masalalar bo‘yicha tegishli huquqiy va texnik tushuntirishlar berildi hamda ayrim murojaatlar joyida hal etildi.
Radioxalaqitlar manbalarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan ham bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilishi natijasida, xisobot davrida xizmatimizga shikoyat arizalari kelib tushmadi.
Bundan tashqari, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda noqonuniy ravishda faoliyat olib borayotgan radioelektron vositalarni aniqlash bo‘yicha muntazam qo‘shma reydlar tashkil etilmoqda va aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli dalolatnomalar tuzilib, choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, radioelektron vositalarni noqonuniy ravishda olib kirish, ishlatish va ulardan foydalanishning oldini olish maqsadida, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalarida tasdiqlangan reja-dastur asosida o‘quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda.
Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX boshlig‘i D.S.Tashpulatov



