"EMMM" DUK yangiliklari

Navro‘z – yangilanish va mehr oqibat bayrami

Sharq xalqlari orziqib kutadigan, insoniyatning orzu-istaklari mujassamlashgan, bahor fasli boshlanishi va tabiat yangilanishi bilan bog‘liq Navro‘z ayyomi qariyb uch ming yildirki, Markaziy va Janubiy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Bolqon mintaqasi, Qora dengiz havzasi xalqlarida keng nishonlanib kelmoqda. Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023‑yil 1‑martdagi “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq butun Respublikamiz bo‘ylab Navro‘z sayillari o‘tkazilmoqda.

Shu qatori 2023‑yil 22‑mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmatida bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami o‘tkazildi. Erta tongdan barcha xodimlar va ularning oila a’zolari milliylikni aks ettiruvchi kiyimlar bilan Navro‘z bayrami boshlandi. Milliy taomlar tayyorlanib, bayram dasturxoni yozildi. Milliy va tarixiy buyumlar bo‘lgan “Tegirmon”, Keli-kelsap” ko‘rgazma sifatida olib kelindi.

Qora uy (o‘tov) qaysidir ma’noda qoraqalpoq tarixini, milliyligini, urf-odatlarini aks ettiruvchi ramziy ma’noga ega. Shu sababli bayram boshlanishida xizmatimiz yigitlari bilan birgalikda milliylik, tarix aks etgan, qoraqalpoq xalqining milliy naqshlari bilan bezatilgan qora uy qurildi.

Bayram davomida xizmatimiz xodimlari va ularning farzandlari orasida milliy xalq o‘yinlarimiz bo‘lgan “Arqon tortish”, “Tosh ko‘tarish, “Langi tepish”, “Chullik”, “Oq terakmi ko‘k terak” o‘yinlari o‘tkazildi. Bolalar Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan she’rlar aytishdi. O’yinlar juda qizg‘in va qiziqarli tarzda o‘tdi. G’oliblarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirildi.

Kunning ikkinchi yarmida bayram kayfiyatini yanada ko‘tarish maqsadida xalqimizning milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan “Hao‘jar” “Bet ochar”, “Qiz yigitlar aytishi”, “Tushov kesish”, “Alla aytish” kabi badiiy sahna ko‘rinishlari xizmatimiz xodimlari tomonidan namoyish etildi.

Tashkillashtirilgan Navro‘z bayrami barchaga ajoyib bayram kayfiyatini ulashib, qiziqarli va yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan Navro‘z bayrami shodiyonalari korxonamiz xodimlari, oila a’zolari va bolalar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, o‘zlikni anglash, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati 1-darajali radiooperatori Shimbergenov A.A.

 

 

Faylni tanlang