"EMMM" DUK yangiliklari

Radioxalaqitlarning manbalarini aniqlash - radiochastota spektri monitoringining muhim yo‘nalishlaridan biridir

 

Radiochastota spektri monitoringini amalga oshirish Sirdaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatining asosiy vazifalaridan biridir. Radiochastota spektrining monitoringi - radiochastota spektri holatini kuzatish, undan foydalanishni baholash, radiochastota spektri to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining oldini olish va bartaraf etish uchun mo‘ljallangan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.

Sirdaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati radiochastota spektri monitoringini amalga oshirishda statsionar, mobil va olib yuruvchi o‘lchov uskunalari yordamida turli yo‘nalishlar bo‘yicha texnik o‘lchovlarni amalga oshiradi. Ushbu yo‘nalishlardan biri radioxalaqitlarning manbalarini aniqlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishdir. Radioxalaqitlar - radioaloqa tizimida qabul chog‘ida bir yoki bir nechta to‘lqin tarqatishlar keltirib chiqargan, axborot sifatining yomonlashuvi, xatoliklar bo‘lishi yoki axborot yo‘qolishida namoyon bo‘ladigan elektromagnit energiyasining ta’siri.

 

 

Radioxalaqitlarning manbalarini aniqlash radiomonitoring muhandislari oldida turgan eng qiyin vazifalardan biri hisoblanadi. Radioxalaqitlarning manbalarini tezkor qidirish va aniqlash uchun radiomonitoring muhandisi quyidagi yo‘nalishlarda bilimlarga ega bo‘lishi kerak:

- turli radiochastota diapazonlarida radioto‘lqinlarning tarqalishi nazariyasini yaxshi bilish;

- hududning relyefini yaxshi bilish;

- radiouzatish va radioqabul qilish qurilmalarining ishlash tamoyillarini bilish;

- turli telekommunikatsiya tizimlarida radioaloqani tashkil etish asoslarini yaxshi tushunish;

- radiochastota spektrining real holatdagi bandligini tahlil qila olish;

- radioelektron vositalar (REV) va yuqori chastotali qurilmalarning (YuChQ) elektromagnit moslashuviga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan barcha omillarni hisobga olishni bilish;

- REVlarning texnik parametrlariga qo‘yiladigan davlat standartlari va texnik normalarning talablarini bilish;

- industrial radioxalaqitlarning ehtimoliy manbalari bo‘lgan texnik vositalarga qo‘yiladigan davlat standartlari va texnik normalarning talablarini bilish;

- mavjud o‘lchov uskunalari va monitoring tizimlarining barcha imkoniyatlaridan professional darajada foydalanishni bilish;

- viloyatdagi barcha ro‘yxatga olingan REVlarning texnik tavsiflari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish;

- radiochastota organining tegishli ruxsatnomalarisiz olib kirish, sotib olish (berish) va ulardan foydalanishga ruxsat etilgan REV va YuChQlarning texnik tavsiflari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish;

- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida jismoniy va yuridik shaxslar (REV va texnik vositalar egalari) bilan turli xil uskunalarning ishlash jarayonlarini o‘zgartirish (yoqish yoki qisqa muddatga o‘chirish) vaqtida o‘zaro hamkorlik qilishda o‘z huquq va majburiyatlarini bilish.

Shuni ta’kidlash joizki, radiomonitoring muhandisi radioxalaqitlarni o‘z vaqtida aniqlash uchun javobgardir.

 

 

Sirdaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati

1-toifali muhandisi - J.S.Raimdjanov

Faylni tanlang