Soha yangiliklari

NASA rahbariyati bilan kosmik sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Antaliya shahrida o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC-2026) doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari AQShning NASA rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Kadirov hamda NASA administratori o‘rinbosari Matt Anderson ishtirok etdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va AQShning kosmik sohadagi bugungi ustuvor yo‘nalishlari, istiqboldagi qo‘shma loyihalar va tashabbuslar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan samarali foydalanish, Yerni masofadan kuzatish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan IAC-2028 kongressida NASAning ishtiroki, ushbu yirik xalqaro tadbir doirasida qo‘shma loyihalar va ilmiy-texnik tashabbuslarni namoyish etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kosmik sohada uzoq muddatli va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Faylni tanlang