Soha yangiliklari

Unitree Robotics kompaniyasi bilan robototexnika yo‘nalishida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi

Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi (WAIC) doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida robototexnika, sun’iy intellekt, malakali kadrlar tayyorlash hamda robotlashtirilgan yechimlarni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazir O‘zbekistonda tashkil etilayotgan sun’iy intellekt laboratoriyalari haqida ma’lumot berib, ular doirasida to‘rt oyoqli va gumanoid robotlardan talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda dasturchilarni amaliy o‘qitishda foydalanish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarning robot platformalarini dasturlashi va o‘z yechimlarini ishlab chiqishi uchun to‘liq dasturiy imkoniyatlar yaratish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvda robotlarni masofadan boshqarish va robotlashtirilgan tizimlarni o‘qitishga asoslangan yangi AT-autsorsing yo‘nalishini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Bunday loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘zbekistonlik dasturchilarni xalqaro robototexnika loyihalariga jalb etish hamda mamlakatning texnologik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, vazir robototexnika va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlari, maxsus dasturchilar lagerlari hamda malaka oshirish tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan negizida robototexnika bo‘yicha kompetensiyalar markazini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida UZINFOCOM va UNICON-SOFT tashkilotlarini qo‘shma loyihalarga jalb etish, shuningdek, robotlashtirilgan yechimlarni sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarga joriy etish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda markaziy robototexnika laboratoriyasini tashkil etish istiqbollarini ham muhokama qildi. Shuningdek, Unitree Robotics kompaniyasining robotlashtirilgan yechimlarini mamlakatdagi yirik texnologik tadbirlar va ko‘rgazmalarda namoyish etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Faylni tanlang