Soha yangiliklari

AKT sohasi va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish hamda yanada rag‘batlantirish bo‘yicha farmon loyihasi muhokamada

O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portali -- regulation.gov.uz'da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "AKT sohasi va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish hamda yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi xalq muhokamasi uchun e’lon qilindi
 
Farmon loyihasida respublika iqtisodiyotining turli sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish AKT mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, soha korxonalariga eksport qilish imkoniyatini yaratuvchi maxsus tashkiliy, iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni berish, kadrlar tayyorlash va ilmiy ishlab chiqarish jarayoni, shuningdek investitsiya-moliyaviy salohiyatni markazlashtirish ko‘zda tutilgan. 
 
Xususan, farmon loyihasida 2030 yilning 1 yanvariga qadar Toshkent shahridagi Inha universiteti hududida "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining innovatsion markazi" maxsus erkin iqtisodiy hududini tashkil etish nazarda tutilmoqda. 
 
Ushbu erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalarga faoliyatlarini takomillashtirish uchun maxsus bojxona, valyuta va soliq imtiyozlari qo‘llaniladi. Jumladan, mazkur hududdagi korxona va ularning xodimlariga nisbatan quyidagi yengilliklar qo‘llanilishi rejalashtirilgan: 
 
- hududdagi korxonalarni "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining innovatsion markazi" maxsus erkin iqtisodiy hududining faoliyati mobaynida barcha turdagi soliqlardan hamda davlat maqsadli fondlariga ajratmalardan, shu bilan birga yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilish; 
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 7,5 foiz, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan sug‘urta badali miqdori 4,5 foizga belgilash;
- hududdagi korxonalarga respublika hududida mahsulot hamda xizmatlarni eksport qilish hisobiga tushgan mablag‘larni turli to‘lovlarga, jumladan xodimlarning ish haqilariga naqd yoki naqdsiz pul tarzida va dividentlarni to‘lashda foydalanish imkoniyatini berish. 
 
Ushbu hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojiga xizmat qiladigan zarur axborot tizimlari va resurslarini yaratishga zamin yaratadi. Shuningdek, farmon sifatli va jahon talablariga mos dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning eksportini kengaytirish orqali mamlakatning eksport salohiyatini ko‘tarish, davlat yalpi ichki mahsulotlarida AKT sektori hissasini oshirishga xizmat qiladi. 
 
Farmon loyihasining muhokamasi portalda 2017 yilning 23 fevraliga qadar davom etadi. Uni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza bildirish istagida bo‘lganlarni muhokamaga taklif qilamiz.
Muallif: Axborot xizmati
Faylni tanlang