Soha yangiliklari

"Elektron hukumat" tizimi xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda

3-9 yanvar kunlari O‘zbekistonda Koreya bilan tuzilgan Bilim almashinuv dasturi (Knowledge Sharing Program) doirasida "Elektron hukumat" tizimi xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish" mavzusi muhokama qilindi. Unda Koreyaning yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Dastlabki texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish (Pre-Feasibility Study) bo‘yicha delegatsiyasi ishtirok etmoqda. 
 
"Elektron hukumat" tizimi xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish" loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 16 maydagi 2530-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. 
 
Loyihani amalga oshirishda Koreyaning Eksimbank mablag‘larini jalb qilish nazarda tutilgan bo‘lib, Bilim almashinuv dasturini amalga oshirishdan avval Koreya tadqiqot universiteti va biznes fondi (Korea University Research & Business Foundation) tomonidan mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi ayni paytdagi holat bo‘yicha o‘rganishlar olib boriladi. 
 
Mazkur loyiha doirasida Koreya mas’ul vakillarining delegatsiyasi 2016 yilning oktyabr oyida ham yurtimizga tashrif buyurib, "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish, UZINFOCOM markazlari, "O‘zbekiston pochtasi" AJ faoliyati bilan tanishgan, Toshkent shahri va To‘ytepa shaharlarida o‘rnatilishi ko‘zda tutilayotgan infokiosklarning o‘rni va binolari o‘rganib chiqilgan edi. 
 
Joriy yilning 4 yanvar kuni delegatsiya vakillari bilan vazirlikda o‘tgan uchrashuvda infokiosklarni o‘rnatish masalalari, Yagona portaldagi eng ommabop va talab yuqori xizmatlar, aholi va biznes sohasi uchun yangi dolzarb xizmatlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi. 
 
Shuningdek, Koreya delegatsiyasi "O‘zbektelekom" AK hamda Toshkent shahridagi Yunusobod tumani notarial idorasiga tashrif buyurdi, Samarqand shahrida bo‘lib, ushbu muassasalarning viloyat bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdi.
 
Tashrif doirasidagi o‘rganishlar xulosalari 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan yakunlovchi uchrashuvda taqdim etiladi. 
Muallif: Axborot xizmati
Faylni tanlang