Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, rivojlantirish, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniyning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”.
Millatning faxri va g‘ururi sanalgan tilimizni asrash va uning barhayotligini ta’minlash har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lishi darkor. Namangan viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan ham til me’yorlariga rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Yaqinda xizmatda, Davlat tiliga bag‘ishlangan ma’naviy tadbir o‘tkazildi.
Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX boshlig‘i D.S.Tashpulatov