"EMMM" DUK yangiliklari

O‘quv soati

Joriy yilning 18-iyul kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.

O‘quv soatida, Samarqand viloyati EMMX muhandisi N.Mardiyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi 1998-yil 25-dekabrdagi 725-I-son Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi radiochastota spektrini taqsimlash va undan foydalanish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

radiochastotalar (radioto‘lqinlar) — belgilar, signallarni, yozma matnni, tasvirlar va tovushlarni uzatish yoki qabul qilish maqsadida fazoda sun’iy to‘lqin o‘tkazgichsiz tarqatiladigan, shartli ravishda uch ming gigagersdan kamroq qilib qabul qilingan chastotali elektromagnit to‘lqinlar;

radiochastota spektri — shartli ravishda uch ming gigagersdan kamroq qilib qabul qilingan oraliqdagi radiochastotalar to‘plami;

radioelektron vositalar — radioto‘lqinlarni tarqatish va (yoki) qabul qilish uchun mo‘ljallangan texnik qurilmalar yoki tizimlar;

yuqori chastotali qurilmalar — radiochastotalar energiyasini sanoat, ilmiy, tibbiy, maishiy yoki boshqa maqsadlarda hosil qilish va undan foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalar yoki asboblar, ulardan radioto‘lqinlarni tarqatish yoki qabul qilish maqsadida foydalanish bundan mustasno;

radiochastotalar polosasi — radiochastota spektrining muayyan sharoitlarda radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish uchun mo‘ljallangan qismi;

O‘zbekiston Respublikasi radiochastotalarni taqsimlash jadvali — har xil turdagi radioxizmatlar o‘rtasida taqsimlangan radiochastotalar polosalari ro‘yxati;

radioxalaqitlar — radioaloqa tizimida qabul chog‘ida bir yoki bir nechta to‘lqin tarqatishlar keltirib chiqargan, axborot sifatining yomonlashuvi, xatoliklar bo‘lishi yoki axborot yo‘qolishida namoyon bo‘ladigan elektromagnit energiyasining ta’siri;

industrial radioxalaqitlar — radioto‘lqinlarni uzatish uchun mo‘ljallanmagan texnik vositalar tomonidan vujudga keladigan radiochastota spektri diapazonidagi elektromagnit tarqatishlar;

elektromagnit moslashuv — radioelektron vositalarning ularga radioxalaqitlar ta’sir etib turgan bir vaqtning o‘zida mavjud ishlatish sharoitlarida talab darajasidagi sifat bilan ishlay olish qobiliyati;

radiochastota spektridan foydalanuvchi — radioelektron vositalarni yoki yuqori chastotali qurilmalarni ishlatish uchun radiochastota organining ruxsatnomasiga ega bo‘lgan yuridik yoxud jismoniy shaxs;

biriktirilgan radiochastota — radiochastota organi tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomada ko‘rsatiladigan aniq radiochastota;

radiochastota spektrining monitoringi — radiochastota spektri holatini kuzatish, undan foydalanishni baholash, radiochastota spektri to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining oldini olish va bartaraf etish uchun mo‘ljallangan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.

Radiochastota spektridan foydalanish sohasida davlat tomonidan tartibga solish sertifikatlashtirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, soliq solish, yagona ilmiy-texnika siyosatini shakllantirish orqali, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vositalar bilan amalga oshiriladi.

Radiochastota spektridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruv organi amalga oshiradi.

Radiochastota organlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati.

Radiochastota organlarining vakolatlari:

radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruvi organi tomonidan ajratilgan radiochastotalar polosalari doirasida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) va (yoki) o‘rnatish (qurish), O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda radioelektron vositalardan foydalanish uchun ruxsatnomalar beradi;

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar belgilangan standartlar va texnik normalarga nomuvofiq bo‘lgan, fuqarolarning xavfsizligi, atrof muhit muhofazasini ta’minlamagan taqdirda, shuningdek alohida holatlarda ularni ishlatishni belgilangan tartibda taqiqlaydi;

qonunga zid ravishda ishlayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni aniqlaydi;

radiochastota spektridan foydalanuvchilarga biriktirilgan radiochastotalarning hisobini yuritadi, shuningdek radiochastota spektridan radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

radioelektron vositalarga, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning xalqaro shartnomalar va qoidalarga muvofiq faoliyat ko‘rsatayotgan radioelektron vositalariga bo‘lgan radioxalaqitlarni bartaraf etadi;

boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda elektromagnit moslashuvni ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqadi.

Radiochastota organlari qonunchilikka muvofiq radiochastota spektri sohasida boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Radiochastota spektridan foydalanish

Radiochastota spektri radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan davlat, jamoat ehtiyojlarini va shaxsiy ehtiyojlarni ta’minlash uchun foydalaniladi.

Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) va (yoki) o‘rnatish (qurish), O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda radioelektron vositalardan foydalanish belgilangan tartibda radiochastota organi tomonidan beriladigan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi.

Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga muayyan radiochastotalarni biriktirish O‘zbekiston Respublikasining radiochastotalarni taqsimlash jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. Biriktirilgan radiochastota o‘ta muhim davlat ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida o‘zgartirilishi mumkin.

Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastotalar polosalarini ajratish foydalanuvchidan kelib tushgan ariza bo‘yicha yoki tanlov asosida yoxud kim oshdi savdosi natijalariga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.

Radiochastota organi va radiochastota spektridan foydalanuvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Radiochastotalar polosalaridan birdan ortiq radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan foydalanilishi radiochastota spektridan birgalikda foydalanishdir. Radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish ular o‘rtasida radiochastota organining tegishli ruxsatnomasi asosida shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi. Mazkur ruxsatnoma radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadigan radiochastotalar polosalariga binoan beriladi.

Radiochastota spektri foydalanuvchilarga radiochastota organi ruxsatnomasida yoki foydalanish shartnomasida nazarda tutilgan muayyan muddatga biriktiriladi.

Radiochastota spektridan foydalanish pullikdir. Radiochastota spektridan foydalanganlik uchun haq to‘lash tartibi, shuningdek haq to‘lashdagi imtiyozlar qonunchilik bilan belgilanadi.

Radiochastota spektridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

qonunchilikda belgilangan tartibda radiochastota spektridan foydalana olish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish uchun ruxsat etilgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni belgilangan tartibda olish (berish);

radioxalaqitlar manbalarini aniqlash uchun radiochastota organiga murojaat etish va ularni bartaraf qilishda ishtirok etish;

berilgan ruxsatnoma doirasida radiochastota spektridan foydalanish jarayonida qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish;

o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat etish.

Radiochastota spektridan foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) uchun radiochastota organining ruxsatnomasini olish;

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni radiochastota organida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularni ishlatish huquqi uchun ruxsatnoma olish;

radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni belgilangan normalar hamda qoidalarga muvofiq loyihalash, qurish (o‘rnatish) va ishlatishni amalga oshirish;

radiochastota spektridan foydalanganlik uchun haqni o‘z vaqtida to‘lash.

Radiochastota spektridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Radiochastota spektridan foydalanish huquqini bekor qilish, to‘xtatish yoki cheklash

Radiochastota organlari radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni ishlatish xususiyatlari, shuningdek ayrim chastotalardan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq muayyan sharoitlarda radiochastota spektridan foydalanishni bekor qilish, to‘xtatish yoki cheklashga haqlidir.

Radiochastota spektridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:

foydalanilayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan fuqarolarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligiga, shuningdek atrof muhit holatiga haqiqiy tahdid yuzaga kelganda;

foydalanish ruxsatnomasi yoki shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;

biriktirilgan radiochastotalardan belgilangan muddat mobaynida foydalanilmaganda;

biriktirilgan radiochastotalardan voz kechilganda;

yuridik shaxsning o‘zi yoki jismoniy shaxsning faoliyati tugatilganda.

Radiochastota spektridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda to‘xtatilishi yoki cheklanishi mumkin:

foydalanish ruxsatnomasi yoki shartnomasi shartlari buzilganda;

radiochastota spektrining muayyan polosalaridan o‘ta muhim davlat ehtiyojlari uchun foydalanish zarur bo‘lib qolganda;

radiochastota spektridan foydalanganlik uchun belgilangan haq to‘lanmaganda.

Radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruv organi ham qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda radiochastota spektridan vaqt va (yoki) hudud bo‘yicha foydalanish huquqini to‘xtatishga yoki cheklashga haqlidir.

Davlat mudofaasi, milliy xavfsizlik va huquq-tartibot maqsadlari uchun ajratilgan radiochastotalardan foydalanish faqat tegishli davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda to‘xtatilishi, cheklanishi yoki tugatilishi mumkin.

Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni yaratish, ishlab chiqarish, qurish (o‘rnatish), olish (berish), ishlatish va O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish.

Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni yaratish hamda ishlab chiqarish, shuningdek radiochastotalardan foydalangan holda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish faqat radiochastota spektridan foydalanuvchi radiochastota organining tegishli ruxsatnomasini olganidan va tashkilotning yaratishga doir standartlari kelishilganidan keyin amalga oshiriladi.

Barcha turdagi va yo‘nalishdagi radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni qurish (o‘rnatish) radiochastota organining tegishli ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) radiochastota organining tegishli ruxsatnomasini taqdim etgan holda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni, shuningdek fuqaro aviatsiyasida uchishlarni hamda havo harakati xizmatini radionavigatsiya jihatidan ta’minlash maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan bortdagi va yer usti radioelektron vositalarni olish (berish) tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalarni va yuqori chastotali qurilmalarni ishlatish bevosita tegishli radiochastota organining ruxsatnomasi bilan, xorijiy davlatlarning diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalarida o‘rnatilgan shunday vositalar va qurilmalarni ishlatish esa — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali amalga oshiriladi.

Televideniye ko‘rsatuvlari va radioeshittirishlar dasturlarini qabul qilish uchun mo‘ljallangan radioelektron vositalarni, shuningdek savdo tarmog‘i orqali sotishga ruxsat berilgan maishiy radioelektronika buyumlarini olib kirish, olish (berish) va ishlatish uchun tegishli ruxsatnoma talab qilinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib kirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Radiochastota organining tegishli ruxsatnomasisiz olib kirishga, olishga (berishga) va ishlatishga yo‘l qo‘yiladigan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar ro‘yxati radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.

Faylni tanlang