"EMMM" DUK yangiliklari

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatadiki, bozor iqtisodiyoti qonunlariga asoslangan barcha mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy boshqaruv usullariga muvofiq, samarali faoliyat yuritishni ta’minlovchi eng muhim profilaktik vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi “komplaens-nazorat” tizimini joriy etish hisoblanadi. “Komplaens-nazorat” tushunchasi - rozilik, muvofiqlik va aniq belgilangan qoida, standart hamda ko‘rsatmalarga muvofiq faoliyat yuritish degan ma’nolarni anglatadi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasini tashkil etishdagi asosiy omil kadrlar masalasidir. Xalqaro tajribada mazkur faoliyatni amalga oshiruvchi mutaxassis “komplaens xodim” deb yuritiladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimi - tashkilotda xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishi, xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuvining yuzaga kelishini oldini olish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi hamda tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish siyosatini yuritish uchun mas’ul bo‘lgan xodim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi qurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tizimini joriy etish bo‘yicha Qo‘llanma”da korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasiga kadrlarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq quyidagi tavsiyalar berilgan:

- birinchi navbatda, ushbu sohaga ishga qabul qilinayotgan kadrlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan to‘ldirilishi tavsiya etiladi;

- korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlarining tarkibi qoida tariqasida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar orasidan to‘ldiriladi;

- korrupsiyaga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lish talab etiladi;

- mazkur lavozimga, yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, menejment va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kamida 3 yil ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali, professional bilimga ega mutaxassislar orasidan ishga qabul qilinishi tavsiya etiladi;

- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini va “komplaens-nazorat” tizimini tartibga solishga qaratilgan milliy qonunchilik hujjatlari hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar (Foreign Corrupt Practices Act, Sarbanes-Oxley Act, Dodd-Frank Act, UK Bribery Act va boshqalar) yuzasidan nazariy-amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi tavsiya etiladi;

- maxfiy hujjatlar bilan ishlash uchun ruxsatnomaga ega ekanligi yoki kelajakda mazkur ruxsatnoma rasmiylashtirilishiga to‘sqinlik qiluvchi salbiy holatlarning mavjud emasligi;

- tezkor ma’lumotlarni olish va ular bo‘yicha ishlashni tashkil qila olish ko‘nikmasiga ega ekanligi;

- har bir soha-yo‘nalishlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularni minimum darajaga tushirish choralarini ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lishi;

- unga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar yuzasidan sudlanganlik holatining mavjud emasligi;

- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish maqsadida, nomzodning moliyaviy qarzdorligi yoki moddiy majburiyatlarga ega bo‘lmasligi;

Xulosa o‘rnida, davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasini samarali joriy etilishi korrupsiyani ma’lum miqdorda oldini olishga xizmat qiladi. Natijada korrupsiyani oldini olish bilan bir qatorda, mamlakatimizning xalqaro reytinglarida o‘z o‘rnini yanada yaxshilashiga va investitsion jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

 

 

Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov

Faylni tanlang