EMMM yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasining vakillari Shanxayda o‘tkazilayotgan “Space for Development” xalqaro seminarida ishtirok etmoqda

2026-yil 31-avgust – 2-sentabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) Radioaloqa byurosi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hamkorligida “Space for Development” (“Taraqqiyot uchun kosmos”) yuqori darajadagi xalqaro seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarda 400 dan ortiq ishtirokchilar turli mamlakatlarning aloqa ma’muriyatlari va tartibga soluvchi organlari, xalqaro tashkilotlar, sun’iy yo‘ldosh operatorlari hamda kosmik sohaning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.

Seminar doirasida sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish, radiochastota spektri va sun’iy yo‘ldosh orbitalaridan foydalanishni xalqaro darajada tartibga solish, sun’iy yo‘ldosh tarmoqlarini muvofiqlashtirish, shuningdek nogeostatsionar sun’iy yo‘ldosh tizimlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.

Sun’iy yo‘ldoshlar va yirik sun’iy yo‘ldosh turkumlari sonining jadal ortishi, cheklangan chastota-orbita resurslaridan samarali va adolatli foydalanishni ta’minlash, radioxalaqitlarning oldini olish hamda kosmik xizmatlarni xalqaro tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Seminarning muhim yo‘nalishlaridan biri 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon radiokommunikatsiya konferensiyasiga (BRK-27) tayyorgarlik masalalaridir. Ishtirokchilar XEI Radio reglamenti qoidalarini takomillashtirish, yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va tizimlarini tartibga solish bo‘yicha yondashuvlarni muhokama qilmoqda.

O‘zbekiston vakillarining mazkur seminardagi ishtiroki radiochastota spektri va sun’iy yo‘ldosh orbitalarini boshqarish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy mutaxassislar bilan fikr almashish hamda sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish va BRK-27ga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha dolzarb masalalarda tegishli yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Elektromagnit moslashuv markazi va «UNICON.UZ» MChJ mutaxassislari ishtirok etmoqda.

 

Tayyorladi RBMX yetakchi muhandisi: Tadjimatov R.M.

photo2026-09-0212-55-02.jpg

photo2026-09-0212-55-08.jpg

photo2026-09-0212-55-15.jpg

photo2026-09-0212-55-20.jpg

Faylni tanlang