
Radiohavaskorlik — bu radioaloqa texnologiyalariga qiziqish asosida shakllangan texnik va ilmiy faoliyat bo‘lib, O‘zbekistonda ham o‘ziga xos tarix va rivojlanish yo‘liga ega. Radiohavaskorlar radio to‘lqinlar yordamida masofadan aloqa o‘rnatish, signal uzatish va qabul qilish bilan shug‘ullanadigan havaskor mutaxassislardir.
Radiohavaskorlikning mohiyati
Radiohavaskorlar maxsus radiostansiyalar, antennalar va boshqa elektron qurilmalar yordamida aloqa qiladi. Ular ovozli, raqamli yoki telegraf (Morse alifbosi) orqali muloqot o‘rnatishi mumkin. Radiohavaskorlik nafaqat qiziqarli mashg‘ulot, balki elektronika, fizika va axborot texnologiyalari bo‘yicha amaliy bilimlarni oshiruvchi muhim soha hisoblanadi.
O‘zbekistonda radiohavaskorlik
O‘zbekistonda radiohavaskorlar faoliyati davlat tomonidan belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi. Radiohavaskor bo‘lish uchun maxsus ruxsatnoma va chaqiruv belgisi (pozivnoy) olinadi. Mamlakatimizda turli yoshdagi radiohavaskorlar mavjud bo‘lib, ular mahalliy va xalqaro radioaloqalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Radiohavaskorlar o‘rtasida tajriba almashish, musobaqalar (kontestlar), texnik mashg‘ulotlar va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. Bu esa yoshlarning texnikaga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Favqulodda vaziyatlardagi ahamiyati
Radiohavaskorlar favqulodda vaziyatlarda alohida ahamiyatga ega. Internet va mobil aloqa ishlamagan holatlarda radioaloqa eng ishonchli vositalardan biri bo‘lib qoladi. Shu sababli radiohavaskorlar tabiiy ofatlar yoki texnogen holatlarda zaxira aloqa sifatida muhim rol o‘ynaydi.
Tayyorladi: RTMHX A.Izbasarov