"EMMM" DUK yangiliklari

Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat uyushtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, fuqarolarni mamlakatimizning tarixiy merosi hamda madaniy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida korxonamizning Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida joriy yilning 27‑28-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari va ularning oila a’zolari uchun Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat uyushtirildi.

27-may kuni ertalab Ko‘hna va boqiy Buxoro shahriga yetib keldik. Azal-azaldan ma’lumki, Buxoro shahri O’zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, Islom olami madaniyati poytaxti hisoblanadi. Sayohatimiz boshida ko‘hna va qadimiy Buxoroning tarixiy-madaniy obidalari, Ark qal’asi, Minaroi Kalon, Ulug‘bek madrasasi, Mir Arab madrasasi, Qo‘sh madrasa ansambli, Labi Xovuz va boshqa diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishdik.

Somoniylar va Shayboniylar davridan meros bo‘lgan Ark o‘z ichiga olgan Amir mehmonxonasi, honaqox, hujralar, hammom va supalarni ko‘rgan inson o‘zini tarixga tushib qolganday his qiladi.

Buxoro shahriga sayohatimiz shuning bilan yakunlanib, qadimdan “Sharq gavhari” atalmush qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahriga yo‘l oldik.

Samarqand shahrida sayohatimiz davomida Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim madrasasi, Hazrati Xizr masjidi, Birinchi Prezidetimiz I.Karimovning maqbarasi va boshqa tarixiy obidalar, masjid maqbaralarni, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildik.

Islom diniga beshik bo‘lgan Buxoro shahrining qadimiy, muqaddas va tarixiy-madaniy go‘shalariga sayohat qilgan xodimlar o‘zlarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitgan bo‘lsalar, ona zamin sayqali deb e’tirof etiladigan, Temuriylar davlati poytahti bo‘lgan Samarqand shahriga amalga oshirilgan sayohat esa tarixiy bilimlarini oshirishga  munosib hissa qo‘shdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu sayohat jamoamiz xodimlarida unutilmas onlarni baxsh etishi bilan birgalikda, kelgusi xizmat faoliyatlarini amalga oshirishda yangi kuch va shijoat bag‘ishlashi shubhasiz.

 

                                                                                                                                                                          Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX 1-toifali muhandisi M.Dlekeyev

Faylni tanlang