EMMM yangiliklari

Radiochastota spektri va yo‘ldosh orbitalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha ASHH Komissiyasining 30-yig‘ilishi

2026-yil 17–21-avgust kunlari Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida Radiochastota spektri va yo‘ldosh orbitalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik (ASHH) Komissiyasining 30-yig‘ilishi (ASHH RChS va SO Komissiyasi), shuningdek, uning 2027-yilgi Butunjahon radioaloqa konferensiyasi va Radioaloqa assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishchi guruhi (BRK-27/RA-27), radiochastota spektrini boshqarish bo‘yicha ishchi guruhi (RChS IG) hamda radioeshittirish bo‘yicha ishchi guruhi (RE IG) yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi aloqa ma’muriyatlari vakillaridan iborat 100 dan ortiq ishtirokchilar, ASHH Ijroiya qo‘mitasi vakillari, shuningdek, Komissiyaning kuzatuvchi tashkilotlari, jumladan, mintaqadan tashqari Huawei, Viasat, Policy Impact Partners hamda taklif etilgan Access Partnership, Coleago Consulting Ltd, Hindiston Respublikasining XEI-ATSE jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.

Bundan tashqari, yig‘ilishda boshqa mintaqaviy elektraloqa tashkilotlari, xalqaro sohaviy tashkilotlar va operatorlar birlashmalarining vakillari ham ishtirok etmoqda, xususan:

• Xalqaro elektraloqa ittifoqi va uning MDH mamlakatlari uchun Mintaqaviy bo‘limi;

• 1-mintaqa Xalqaro radiohavaskorlar ittifoqi (IARU-R1);

• mobil aloqa operatorlari assotsiatsiyasi — GSMA;

• yo‘ldosh aloqa operatorlari assotsiatsiyasi — GSOA.

Quyidagi mintaqaviy elektraloqa tashkilotlari vakillari o‘z a’zolarining 2027-yilda Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon radioaloqa konferensiyasi va Radioaloqa assambleyasiga tayyorgarligining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdilar:

• Osiyo-Tinch okeani elektraloqa hamjamiyati (APT);

• Yevropa pochta va elektraloqa ma’muriyatlari konferensiyasi (CEPT);

• Amerikalararo telekommunikatsiyalar komissiyasi (CITEL).

Komissiya yig‘ilishining ochilishida asosiy e’tibor quyidagi masalalarga qaratildi:

• ASHHning RA-27/BRK-27ga tayyorgarligi;

• Komissiya va uning ishchi guruhlarining hafta davomidagi ish rejalari;

• ASHH vakillarining Xalqaro telekommunikatsiya yo‘ldosh tashkiloti — ITSO simpoziumidagi ishtiroki.

Shuningdek, ASHHning «Radiochastota spektri: yangi texnologiyalarni o‘z vaqtida joriy etish yo‘lidagi ehtiyojlar, muammolar va imkoniyatlar» mavzusidagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya radiochastota spektridan foydalanishni tartibga solish va yangi texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi. Muhokamalar davomida tartibga solish va texnologik yondashuvlar uyg‘unlashtirilib, raqamli transformatsiya sharoitida ASHH mamlakatlari oldida turgan dolzarb muammolar hamda mavjud imkoniyatlar keng ko‘lamda ko‘rib chiqildi.

«Savol — javob» formatida o‘tkazilgan muhokama davomida panel sessiyasi ishtirokchilari quyidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar:

• NGSO aloqa tizimlari operatorlari faoliyatiga ruxsat berilishi natijasida milliy muhim infratuzilmaga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmining kamayishi ehtimoli;

• mintaqaviy xabni rivojlantirish istiqbollari hamda bunday tizimlarga ruxsat berish va ularning faoliyatini ta’minlash bo‘yicha mintaqa davlatlari uchun umumiy yondashuvlarni shakllantirish;

• mintaqada nogeostatsionar yo‘ldosh aloqa tizimlarini rivojlantirish jarayonida radiochastotalarni taqsimlash bilan bog‘liq masalalar.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, ASHHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning yuqori darajasi tasdiqlandi. Qabul qilingan qarorlar va kelishilgan takliflar yagona pozitsiyani shakllantirishda foydalanilib, yaqinlashib kelayotgan xalqaro tadbirlarda taqdim etiladi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasidan Elektromagnit moslashuv markazi va «UNICON.UZ» MChJ mutaxassislari ishtirok etmoqda.

 

Tayyorladi RBMX yetakchi muhandisi: Tadjimatov R.M.

photo2026-08-1815-48-27.jpg

photo2026-08-1815-48-49.jpg

Faylni tanlang