EMMM yangiliklari

RADIORELE LINIYALARIDA ANTENNA-FIDER TIZIMLARINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi telekommunikatsiya tarmoqlariga bo‘lgan talabning keskin ortishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda yuqori tezlikdagi internet xizmatlari, mobil aloqa, raqamli televideniye hamda korporativ tarmoqlarning uzluksiz va ishonchli ishlashi zamonaviy aloqa tizimlariga bevosita bog‘liqdir.

Ushbu talablarni amalga oshirishda radiorele liniyalari (RRL) alohida muhim o‘rin tutadi. Radiorele liniyalari uzoq masofalarga katta hajmdagi axborotni simsiz uzatish imkonini beruvchi samarali texnologiya bo‘lib, ayniqsa, optik tolali aloqa liniyalarini (OTAL) qurish qiyin bo‘lgan yoki iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblangan hududlarda eng maqbul yechim sifatida hisoblanadi. Mazkur liniyalarning barqaror va samarali ishlashi esa, eng avvalo, antenna-fider tizimlarining (AFT) texnik holatiga va ularni zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirilishiga bog‘liqdir.

Antenna-fider tizimining tuzilishi va vazifalari. Antenna-fider tizimi radiorele liniyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, u uzatkich va qabul qilgich qurilmalarini antenna bilan bog‘laydi hamda elektromagnit to‘lqinlarning minimal yo‘qotishlar bilan uzatilishini ta’minlaydi. Bunda antenna elektromagnit to‘lqinlarni uzatish yoki qabul qilish vazifasini bajarsa, fider signalni uzatkichdan antennaga yoki antennadan qabul qilgichga yetkazadi. Shu sababli antenna-fider tizimidagi har qanday yo‘qotish aloqa sifatining pasayishiga, uzatilayotgan signal quvvatining kamayishiga hamda tizimning umumiy samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Antenna-fider tizimlari quyidagi asosiy qismlardan tashkil topadi:

    • Antennalar (elektromagnit to‘lqinlarni uzatish va qabul qilish uchun);

    • Fider kabeli yoki to‘lqin o‘tkazgich (signalni yo‘qotishlarsiz yetkazish uchun);

    • Ulagichlar (konnektorlar) (qurilmalarni o‘zaro moslashtirish uchun);

    • Filtr va razryaddan himoya qurilmalari (tashqi xalaqitlar va chaqmoq xavfidan himoyalash uchun);

    • Mahkamlash konstruksiyalari (mexanik mustahkamlikni ta’minlash uchun).

Yuqori chastotali diapazonlar va MIMO texnologiyasi. RRL rivojlanishidagi asosiy tendensiyalardan biri yuqori chastotali diapazonlardan foydalanishga o‘tishdir. Hozirgi kunda 40.5–43.5 GHz hamda 71–76, 81–86 GHz diapazonlarida ishlaydigan radiorele qurilmalari amaliyotda keng qo‘llanilmoqda. Bu diapazonlar soniyasiga bir necha gigabit tezlikda ma’lumot uzatish imkoniyatini beradi. Ayniqsa, 5G va istiqboldagi 6G mobil aloqa tarmoqlarining rivojlanishi bu kabi yuqori chastotali AFTga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.

Shuningdek, MIMO (Multiple Input Multiple Output) texnologiyasining joriy etilishi ham muhim bosqich bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta antenna elementlari orqali signal uzatish va qabul qilish evaziga:

    • Kanalning o‘tkazuvchanligi ortadi;

    • Spektrdan foydalanish samaradorligi yaxshilanadi;

    • Signalning shovqin va xalaqitlarga chidamliligi oshadi.

Fider va antenna texnologiyalaridagi innovatsiyalar. Fider tizimlarida ilgari qo‘llanilgan oddiy koaksial kabellar o‘rnini past yo‘qotishli koaksial kabellar va yuqori sifatli to‘lqin o‘tkazgichlar egalladi. Takomillashtirilgan dielektrik materiallardan tayyorlangan fiderlar signal so‘nishini kamaytirib, elektromagnit shovqinlarga yuqori chidamlilik ta’minlaydi.

Antennalar sohasida esa keng polosali antennalar afzallik kasb etmoqda. Ular bir vaqtning o‘zida bir nechta chastota diapazonlarida ishlay oladi. Bu esa yangi aloqa standartlarini joriy etishda mavjud antennalarni to‘liq almashtirish zaruratini yo‘qotadi va modernizatsiya xarajatlarini kamaytiradi. (1-rasm)

photo2026-08-1314-46-33.jpg

1-rasm. Raqamli radiorele qurilmalari

Raqamli monitoring va sun’iy intellekt. Zamonaviy radiorele liniyalarda AFT parametrlarini (antenna yo‘nalishi, signal quvvati, harorat va namlik) masofadan turib raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Sun’iy intellekt (AI) elementlarining joriy etilishi esa:

    • Nosozliklarni erta bosqichda aniqlash;

    • Profilaktik xizmatlarni rejalashtirish;

    • Optimal antenna yo‘nalishini avtomatik tanlash hamda real vaqt rejimida signalning yuqori sifatini ta’minlab turish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, radiorele aloqa liniyalarida antenna-fider tizimlarining rivojlanishi zamonaviy telekommunikatsiya talablariga mos ravishda jadal davom etmoqda. Yuqori chastotali diapazonlar (E-band, V-band), keng polosali antennalar, takomillashgan fiderlar, MIMO texnologiyasi hamda sun’iy intellektga asoslangan avtomatik boshqaruv usullari RRLning samaradorligi va ishonchliligini yangi bosqichga olib chiqdi.

Ushbu innovatsion yechimlarni amaliyotga keng tatbiq etish kelajakda yuqori tezlikdagi, barqaror va xavfsiz telekommunikatsiya infratuzilmasini barpo etish uchun mustahkam ilmiy va texnik poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

 

Tayyorladi: RBMX yetakchi muhandisi U.D. Dosmuxamedov

Faylni tanlang