
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrifi davomida universitetning yangi Axborot-resurs markazi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Mazkur makon ta’lim olish, mustaqil ishlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan. Markaz talabalar va professor-o‘qituvchilarga ta’limiy, ilmiy hamda raqamli resurslardan keng foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Yangilangan Axborot-resurs markazi 5 483 ta kitob fondiga ega bo‘lib, unda zamonaviy o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy nashrlar va ma’lumotnoma adabiyotlari jamlangan. Ayni paytda universitetda kitoblarni elektron qidirish va fondni boshqarish imkonini beruvchi o‘z kutubxona tizimini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Bu esa talabalar va o‘qituvchilar uchun resurslardan foydalanishni yanada qulaylashtiradi. Shuningdek, foydalanuvchilar EBSCO va Springer kabi xalqaro elektron ma’lumotlar bazalari hamda raqamli resurslardan ham foydalanish imkoniga ega.
Tashrif davomida, shuningdek, vazir Sherzod Shermatov talaba yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan suhbatda raqamli industriyani rivojlantirish istiqbollari, kelajakda talab yuqori bo‘ladigan ko‘nikmalar, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ularning kasbiy o‘sishi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ularning takliflari tinglandi.
Shu bilan birga oliygohning kelgusidagi rejalari va strategik rivojlanish yo‘nalishlari taqdim etildi. Universitetning asosiy yutuqlari, ta’lim dasturlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va universitetning mintaqadagi yetakchi AT-mutaxassislar tayyorlash markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan kelgusi rejalar haqida so‘z yuritildi.