"EMMM" DUK yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi hududida sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimlarini rivojlanishi

Hozirgi rivojlangan dunyoda yuqori tezlikdagi keng polosali internetga talab tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Ushbu ehtiyojlar uchun aloqani tashkil qilishning turli usullari, shuningdek, zamonaviy ma’lumotlarni uzatish texnologiyalari qo‘llaniladi: simli, optik tolali va simsiz texnologiyalar
(Wi-Fi, WiMAX, LTE). Ushbu texnologiyalar asosida Yer yuzasining (uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarni) telekommunikatsiya tarmoqlari bilan (televidenie, radio, telefon, ma’lumotlar uzatish va boshqalar) qamrab olish imkoniyati iqtisodiy samarasiz va mavjud bo‘lmagan hollarda turli sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari keng qo‘llaniladi. Ayni vaqtda respublikamiz iqtisodiyotida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, bunda aloqa va keng polosali internet bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi borish qiyin bo‘lgan va chekka hududlarida yuqori tezlikdagi keng polosali internet qamrovi bugungi kunda dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, OneWeb kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumning asosiy maqsadi OneWeb sun’iy yo‘ldosh kompaniyasini O‘zbekiston bozoriga jalb etish, shuningdek, kompaniyaning geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimlari xizmatlariga oid qator chora-tadbirlarni tartibga solish, jumladan OneWeb sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish bo‘yicha davlatning asosiy ehtiyojlarni aniqlash kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.

Memorandum doirasida OneWeb kompaniyasining innovatsion past orbitali sun’iy yo‘ldosh telekommunikatsiya tizimidan signal kechikishi va o‘tkazish qobiliyati yuqori bo‘lgan tizimidan foydalanish bo‘yicha ekspertiza markazini tashkil etishga kelishib oldi.

Shuningdek, Toshkentda SpaceX kompaniyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda SpaceX bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, SpaceX kompaniyasi tomonidan past orbitali sunʼiy yoʻldosh tizimi orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internetga ulanish boʻyicha amalga oshirilayotgan Starlink loyihasining Oʻzbekiston bozoriga kirishi muhokama qilindi.

Tayyorladi: Turg‘un va yo‘ldoshli aloqa bo‘limi muhandisi N.S.Inagamova

Faylni tanlang