Ramazoni sharif ezgulik, xayr-u saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida azal-azaldan alohida o‘rin egallab keladi. Ushbu qutlug‘ oyda sabr-u qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko‘makka muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar har yili yurtimizda olg‘a suriladi.
Xalqimiz asrlar davomida buyuk diniy qadriyat, saxovat va mehr-oqibat ramzi sifatida e’zozlab kelayotgan bu ulug‘ ayyom keyingi paytda ijtimoiy hayotimizda yanada mustahkam o‘rin egallab borayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.
Ayniqsa, bu yilgi Ramazon bayrami “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan olijanob g‘oyani o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida keng ko‘lamli islohotlarimiz yanada yuksak bosqichga ko‘tarilayotgan tarixiy sharoitda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini keskin oshirmoqda.
Chindan ham, dunyo ahlini o‘zaro do‘st va birodar bo‘lib, totuvlik va hamkorlikda yashashga da’vat etadigan Ramazon hayiti inson qadrini ulug‘lashning yorqin namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Hech shubhasiz, biz inson qadrini uning diniy sohadagi huquq va manfaatlari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘ramiz. Shuning uchun so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy qadriyatlarimizni tiklash, bebaho ilmiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri bo‘yicha o‘tkaziladigan Referendum ham bizning muqqaddas bayramimiz Hayit ayyomi bilan oldinma-ketin kelishi ham yurtimizning barakali kelajagiga turtki bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Siz, aziz vatandoshlarimizni ezgu niyatlar ro‘yobga chiqadigan, xayrli amallar uchun behisob savoblar yog‘iladigan, o‘zaro birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari tarannum etiladigan shukuhli Iyd-ul-Fitr bilan chin yurakdan muborakbod etamiz.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni korxonamiz nomidan samimiy qutlab, ularga tinchlik-osoyishtalik, fayz-u baraka va farovon hayot tilaymiz. Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat bo‘lsin!

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi N.M.Obidova