Joriy yilning 25–26-oktabr kunlari “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK tomonidan ichki turizmni rivojlantirish, xodimlarni turistik sayohatlarga jalb qilish maqsadida, Qashqadaryo viloyati EMMX xodimlari uchun O‘zbekistonning eng qadimiy va tarixiy maskanlari Samarqand va Buxoro shaharlariga ikki kunlik sayohat uyushtirildi. Ushbu safar ishtirokchilarga yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari hamda o‘ziga xos me’moriy yodgorliklarini yaqindan ko‘rish imkoniyatini berdi.
Sayohat davomida Samarqand shahrining mashhur Go‘ri Amir maqbarasi hamda Registon maydoniga tashrif buyurildi. Ushbu maskanlar o‘zining betakror me’moriy uslubi, qadimiy tarixiy ahamiyati va o‘ziga xos jozibasi bilan sayohatchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

Shuningdek, sayohatchilar O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov bolalik yillari o‘tgan uyga ham tashrif buyurib, uning hayoti va faoliyatiga oid qimmatli ma’lumotlar bilan tanishdilar.

Sayohatning navbatdagi manzili — Buxoro shahri bo‘ldi. Bu yerda ishtirokchilar Labi Hovuz, Minorayi Kalon, Masjidi Kalon va qadimiy Buxoro arki majmualariga tashrif buyurdilar. Tarix va san’at uyg‘unlashgan bu qadimiy maskanlar o‘zining betakror muhitini saqlab qolgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga ajdodlarimiz yaratgan boy madaniy merosni chuqur his etish imkonini berdi.



Buxoro tasviriy san’at muzeyiga tashrif davomida esa sayohatchilar ko‘plab san’at namunalaridan bahramand bo‘lishdi.

Sayohat yakunida ishtirokchilar “Varnet” issiqxona akademiyasiga tashrif buyurgan holda o‘simlik va hayvonot olamiga sayr qilishdi. Ushbu tashrif soha xodimlariga yangi bilim va ilhom bag‘ishladi.


Mazkur sayohat nafaqat dam olish va madaniy hordiq uchun, balki ishtirokchilarda vatanparvarlik, tarixga hurmat va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Qashqadaryo viloyati EMMX 2-toifali muhandisi Sh.R. Jalilov