Respublikamizda 15-noyabrdan 15-dekabrga qadar o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish va xodimlarning xavfsizlik borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur tadbirga Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) Aloqa va xabar berish bo‘limi boshlig‘i Iskandar Boboniyozov taklif etildi. Iskandar Boboniyozov tomonidan o‘quv mashg‘uloti davomida xodimlarga favqulodda vaziyatlarda aloqa tizimlarining muhimligi, xabar berishning o‘z vaqtida va aniq bo‘lishi zarurligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Mashg‘ulot chog‘ida ishtirokchilar uchun amaliy topshiriqlar berilib, ular yong‘in, zilzila va boshqa favqulodda holatlar yuz berganda bajarilishi kerak bo‘lgan dastlabki chora-tadbirlarni bajardilar. Iskandar Boboniyozov tadbir davomida xavfsizlik texnikasi va tezkorlik bilan harakat qilish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi.
Mazkur mashg‘ulotlar korxonamizda xavfsizlik madaniyatini oshirish va favqulodda vaziyatlarga doim tayyor turishga qaratilgan amaliy tadbirlarning bir qismi sifatida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘uloti yakunida FVB mutaxassisi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida xodimlarning tayyorgarligi tahlil qilindi va ularning bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi. O‘quv mashg‘ulotida faol ishtirok etgan xodimlar Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i X.Tojiyev tomonidan taqdirlandi.
Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandisi A.Olmasov.