“Radioelektron vositalar (radiostansiyalar, sunʼiy yo‘ldosh tizimlari) va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), sotish va (yoki) o‘rnatish (qurish), olib kirish, ulardan foydalanish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda radioxalaqitlarni bartaraf etishda vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan 2026-yilda olib boriladigan chora-tadbirlar rejasi”ning bajarilishini ta’minlash maqsadida, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi O‘zkomnazorat inspeksiyasining Samarqand viloyati hududiy sho‘basi va Samarqand viloyati EMMX xodimlari hamkorligida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga radiochastota spektridan foydalanishning amaldagi tartiblari va radioelektron vositalardan ruxsatsiz foydalanish oqibatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, noqonuniy ishlatilayotgan radioelektron vositalarni aniqlash usullari, radiomonitoring tadbirlarini amalga oshirish tartibi va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar muhokama qilindi.

Seminarda radiochastota spektridan noqonuniy foydalanish natijasida simsiz aloqa tizimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan radioxalaqitlar, ularning boshqa radio-aloqa tarmoqlari faoliyatiga salbiy ta’siri ham alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar tomonidan sohaga oid savollar muhokama qilinib, amaliy faoliyatda uchraydigan muammolar yuzasidan fikr almashildi.

O‘quv seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan olingan nazariy va amaliy bilimlar kelgusida radiochastota spektridan qonuniy foydalanishni ta’minlash hamda noqonuniy radioelektron vositalardan foydalanish holatlarining oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandisi A. Olmasov