Radioelektron vositalar (radiostansiyalar, sunʼiy yo‘ldosh tizimlari) va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), sotish va (yoki) o‘rnatish (qurish), olib kirish, ulardan foydalanish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda radioxalaqitlarni bartaraf etishda vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan 2025-yilda olib boriladigan chora-tadbirlar rejasiga asosan, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan, 15 dona “Starlink” rusumli sun’iy yo‘ldosh tizimini respublikamiz hududiga radiochastota organining tegishli ruxsatnomalarisiz noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lgan fuqaro to‘xtatildi.

Bojxona posti xodimlari tezkorlik bilan “EMMM” DUK Radionazorat va texnik rivojlanish xizmati yetakchi mutaxassisi M.Tursunov, Samarqand viloyati EMMX boshlig‘i X.Tojiyev, 1-toifali muhandisi A.Olmasov va 1-toifali radiooperator Sh.Haydarovlar bilan mavjud aloqa kanallari orqali bog‘lanib, ushbu radioelektron vositalar bo‘yicha ma’lumotlar olishdi.


Mutaxassislar tomonidan “Starlink” rusumli sun’iy yo‘ldosh tizimi qurilmalariga texnik ekspertiza xulosalari taqdim etildi va ushbu qurilmalar ashyoviy dalillar sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi, hamda tegishli tartibda hujjatlar to‘planib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli organlarga yuborildi.

Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandisi A. Olmasov