Joriy yilning 15-oktabr kuni Elektromagnit moslashuv markazida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan davlat tiliga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish, xodimlarning yozma savodxonligini oshirish hamda o‘zbek tilining nufuzini mustahkamlash maqsadida “Savodxon tashkilot — savodli jamiyat” shiori ostida umummilliy diktant loyihasi tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarorining 7-bandi “g” kichik bandida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi. Unga muvofiq, har yili oktabr oyida umummilliy diktant loyihasini tashkil etish nazarda tutilgan.
Diktant uchun “Til — millatning ruhi va ma’naviy mustaqilligining timsoli” deb nomlangan matn tanlandi. Unda ona tilining millat hayotidagi o‘rni, xalqning ma’naviy merosi va milliy o‘zligini asrashdagi ahamiyati aks ettirildi.
Tadbir EMMM direktori o‘rinbosari A. Xashimxodjayev boshchiligida tashkil etilib, unda markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari hamda hududiy bo‘linmalar xodimlari faol ishtirok etdilar.

Diktant jarayonida xodimlarning yozma nutq savodxonligi, o‘zbek tilining imlo me’yorlariga rioya etish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Bunday tashabbuslar davlat tilining jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash, xodimlarning til madaniyatini yuksaltirish hamda ona tilimizga bo‘lgan mas’uliyat va ehtiromni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, ona tiliga ehtirom — millatga ehtirom, til ravnaqi esa millat ravnaqidir!









