EMMM yangiliklari

Sifatsiz GSM retranslyatorlari va ularning oqibatlari

Davlatimiz tomonidan axborot texnologiyalarini, xususan, mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mobil aloqaning keyingi avlodlarini rivojlantirish jadal sur‘atlar bilan rivojlanmoqda.

Shu o‘rinda, aholi va biznesning telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishga bo‘lgan talabi kundan kunga ortib borayotganligi alohida e’tiborga sazovor. Uzoq aholi yashash maskanlarida, mobil internetning sifati va qamrovi yetarli bo‘lmayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Ushbu hollarda, ya’ni, mobil aloqa va internet qamrovi yetarli bo‘lmagan hudud va joylarda mobil qamrovni yaxshilash maqsadida ayrim fuqarolar tomonidan bilib-bilmay har xil turdagi sifatsiz, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan signal kuchaytirgich, repiterlaridan foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bunday repitorlar o‘zlaridan radioxalaqitlar hosil qilib, mobil aloqa operatorlarining tayanch stansiyalarining normal ish rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida ushbu hududlarda mobil aloqa qamrovini yanayam yomonlashishiga va murojaatlar sonining ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalar bo‘yicha Respublika Kengashining 2022-yil 23-avgustdagi №707-sonli Qaroriga binoan texnik shartlarga mos kelmaydigan mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqish (yaratish), modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va xorijdan olib kirish (xorijdan xarid qilish) va ulardan foydalanish qat’iyan man etilgan.

Amaldagi qonunchilik va radiochastota spektridan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, hamda, kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan xizmatimiz tomonidan doimiy radiomonitoring va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Olib borilayotgan tadbirlar natijasida aniqlangan sifatsiz va tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan retranslyator qurilmalarining faoliyati to‘xtatilib, egalari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX 2-toifali muhandisi E.G`.Mamatqulov

Faylni tanlang