Soha yangiliklari

Domen tizimi va Internet tarmog‘ini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

18 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Internet tarmog‘i va domen tizimini rivojlantirish bo‘yicha xorijiy muassasalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Internet Society jamoat tashkilotining Yevropa mintaqasi bo‘yicha bo‘linmasi direktori Frederik Donk, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi(APTLD) bosh menejeri Leonid Todorov ishtirok etdilar. 
Uchrashuv davomida hamkorlikda yuqorida qayd etilgan xalqaro muassasalar ishtirokida O‘zbekistonda domen tizimi va Internetning milliy segmentini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadigan tadbirlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, MDH davlatlarida Internet tarmog‘i administrlari hamda domen ro‘yxatga oluvchilari uchun xalqaro anjumanlar o‘tkazuvchi Rossiyaning Internet tarmog‘idagi milliy domenni muvofiqlashtiruvchi markazi (TLDCON)ning 10 yillik yubiley konferensiyasini 2018 yilda "UZ" domeni ma’muri hisoblangan UZINFOCOM bilan hamkorlikda O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi atroflicha o‘rganib chiqildi. 
Tomonlar bu yo‘nalishdagi hamkorlikning ahamiyati xususida to‘xtalib, istiqbolda muhim loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, mehmonlar ishtirokida UZINFOCOM kompyuterlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy qilish markazida uchrashuv va O‘zbekiston IT-assotsiatsiyasida AKT sohasida biznes bilan shug‘ullanuvchi biznes vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Internet jamiyati (ingliz tilida: Internet Society, ISOC) — xalqaro nufuzli tashkilot bo‘lib, Internet tarmog‘ini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha faoliyat olib boradi. Tashkilotga dunyoning 180 davlatidan 20 ming nafar mutaxassislar, 100 nafar muassasalar a’zo bo‘lgan. Jamiyat tashkiliy asosda internet injiniring, internet arxitekturasi yo‘nalishlarida konsultativ va tadqiqot faoliyatini olib boradi. 
1998 yilda faoliyatini boshlagan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi (APTLD) – Osiyo mintaqasidagi milliy domenlarni ro‘yxatga oluvchi muassasalar assotsiatsiyasi notijorat kompaniya sifatida 2003 yildan rasman Malayziyada faoliyatini boshlagan. Hozirgacha tashkilotga 50 dan oshiq davlatning milliy domen ro‘yxatga oluvchilari a’zo bo‘lishgan. Jumladan, ular orasida CNNIC (.cn, Xitoy), AUDA (.au, Avstraliya), NIXI (.in, Hindiston), VNNIC (.vn, Vetnam), DENIC eG (.de, Germaniya), Internet tarmog‘idagi milliy domenni muvofiqlashtiruvchi markazi (.rf, Rossiya) kabi yuqori darajali milliy domenlarning ma’murlari bor.
Muallif: Axborot xizmati
Faylni tanlang