Soha yangiliklari

Iqtidorli bolalar uchun IT-maktab barcha imkoniyatlarga ega bo'ladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzieyov poytaxtimizning Yashnobod tumaniga tashrifi mobaynida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning barpo etilish ishlari bilan tanishdi.

2017 yilda davlat rahbari qarori asosida faoliyatini boshlagan ixtisoslashtirilgan maktab 1470 nafar o'quvchiga mo'ljallangan bo'lib, o'rta maktablarning 5-sinfini tamomlagan o'quvchilar har yili tanlov asosida saralab olinadilar va bu erda 11-sinfgacha tahsilni davom ettiradilar. Ayni paytda maktab uchun yangidan qurilayotgan maktabda yurtimizning boshqa shaharlaridan kelgan o'quvchilar uchun ham sharoitning yaratilishi ko'zda tutilgan.

Maktabda yuqori texnologiyalar asosida tashkil qilingan informatika sinflari, fizika va kimyo, ingliz tilini chuqur o'rgatishga mo'ljallangan laboratoriya xonalari, robototexnikani rivojlantiruvchi qurilmalar, texnologik ijod uchun qulay muhitning bo'lishi ta'minlanadi. Shuningdek, sport va gimnastika zallari, yopiq basseyn, ochiq futbol, badminton hamda voleybol maydonlari, yugurish yo'lagi, mashg'ulot zallari yoshlarning sportga bo'lgan qiziqishlarini oshiradi, shuningdek 500 kishiga mo'ljallangan faollar zalida LED-ekran hamda sahnaning bo'lishi ko'zda tutilgan. Ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonasi, oshxonasi bir vaqtning o'zida 500 nafar foydalanuvchiga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan.

Qurilish jarayonida maktab faoliyatida yuqori texnologiya – quyosh panellaridan elektr quvvatini olishdan ham foydalanilishi reja qilingan. Shu bilan birga, obodonlashtirish va yong'inga qarshi foydalanish uchun suv rezervuarlari ham qurilmoqda.

O'quv jarayonlari esa zamonaviy yangi yondashuvdan kelib chiqib tashkil qilinadi. Zamonaviy o'quv dasturlari ta'lim sohasida etakchi bo'lgan Shvetsiya, Finlyandiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlar tajribasi asosida shakllantiriladi. Natijada yoshlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o'qitishning milliy va xalqaro pedagogik yutuqlarini jam qilgan maktab dasturi ishlab chiqiladi. O'quv jarayonida o'quvchilarning o'zlashtirish ko'rsatkichlari hamda ishtiroki alohida nazorat ostiga olinadi.

Davlatimiz rahbari o'qituvchi va o'quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, iste'dodli yoshlarni izlab topish va ularni izchil qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang