"EMMM" DUK yangiliklari

Хotirani yaxshilash yo‘llari

Barchangizga ma’lum, ayni damda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Xodimlar attestatsiyaga tayyorlanish jarayonida ko‘pgina hujjatlarni o‘ganishlari, bilganlarini qayta esga olishlari va o‘rgangan ma’lumotlarini gapirib berishga tayyorlanishlari kerak. Barcha xodimlar o‘z ishining ustasi bo‘lishiga qaramay, muntazam ravishda sohaga oid qonun hujjatlarini o‘rganib borishi, yangi qonunlar va qonunosti hujjatlar bilan tanishib chiqishi va asosiy jihatlarini eslab qolishi talab qilinadi. O‘rganish jarayonida kimgadir diqqatni jamlay olmaslik halaqit berayotgan bo‘lsa, kimgadir xotirasi pand beradi.

So‘nggi yillarda ko‘pchiligimiz kovid kasalligi bilan bir yoki bir necha marotaba kasallandik. Kovid kasalligi organizmda talaygina salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Shu qatorda, ko‘pchiligimizga xotiraning sustlashishi bilan bog‘liq muammoni “meros” qilib qoldirdi.

Xotira asab tizimi xususiyatlaridan biri bo‘lib, biz ilgari idrok qilgan, boshdan kechirgan va bajargan ishlarimizni yodda saqlash, keyinchalik ularni eslash yoki xotirlash jarayoni hisoblanadi. Inson hayotida xotiraning o‘rni juda katta. Tajribalarimizdan bahramand bo‘lishga, tajribalarni hayotga tatbiq qilishga va yana qayta undan zavq olishga imkon beradigan jarayon albatta bizning xotira hisoblanadi.

Bugungi kunda xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash inson ma’naviyatining rivojlanishida ham muhim omillarida biri bo‘lib kelmoqda. Bu haqida ko‘pgina zamondosh olimlar, psixologlar, lingvistlar izlanishlar olib bormoqdalar. Ayni damda xotirani mustahkamlash borasida o‘rganganlarimizni siz bilan bo‘lishishni istadik.

Miyaning asl sozlamasi yashab qolish uchun kurashishdir. Miyani bunday sozlash biologik ehtiyojlarni uyg‘otadi. Demak miyani o‘rganmoqchi bo‘lgan ma’lumotingizga nisbatan sozlashingiz kerak. Buning uchun ma’lum bir ma’lumotni yodlashingiz va o‘rganishingiz sizga nima beradi, uni o‘rganmaslikchi? Ana shu savollarga javobni bitta qog‘ozchaga yozib olish kerak bo‘ladi. Miya buni tahlil qilar ekan, asl sozlamasi bo‘yicha o‘rganmaslik keltirib chiqaradigan yomon tomonlarni inobatga olib yashab qolish uchun kurashish funksiyasini yoqadi va bu eslab qolish bo‘yicha sinalgan 95% natija beradi.

O‘rganish davomida birinchi navbatda sizga halaqit beradigan insonlardan holi bo‘ling, xonadan chiqib ketib, yolg‘iz o‘zingiz bo‘ladigan xonaga o‘ting, yoki ulardan sizni bezovta qilmasliklarini iltimos qilishingiz mumkin.

Ikkinchidan, mobil qurilmangizni o‘chirib qo‘ying va hech qanday qo‘ng‘iroq va “sms”larga javob bermang.

Uchinchidan, o‘zingiz belgilab olgan vaqt davriyligida o‘rganing, misol uchun 25 daqida o‘qing, 5 daqiqa dam oling, shu holatni yana 3 qayta takrorlang. O‘rganish va dam olishlar oraliq vaqtini o‘zgartirmang. O‘zingiz uchun quyidagi qoidani o‘rnating: 25 daqiqa ish, 5 daqiqa dam; 25 daqiqa ish, 5 daqiqa dam; 25 daqiqa ish, 30 daqiqa dam.

To‘rtinchidan, miyani ortiqcha ma’lumotlar bilan band qilmaslik uchun qilishingiz kerak bo‘lgan ishlar esingizga tushib qolsa, ularni qog‘ozchaga yozib qo‘ying, chunki miya bir vaqtning o‘zida ikkita vazifani bajarishga qiynaladi.

Beshinchidan, o‘rganish davomida suv ichib turish kerak, chunki suv miyaning zo‘riqishini kamaytirib, bosh og‘rig‘ining oldini oladi.

Xotiramiz joy bilan bog‘liq, tasavvur bilan bog‘liq, qayta-qayta takrorlangan ma’lumotlarni oson eslab qoladi. Shunday ekan, o‘rganayotgan ma’lumotingizni joyga bog‘lab tasavvur qiling va uni miyada qayta takrorlang. Amaliyotda kuniga 2 mahal 5 martadan takrorlab o‘rganish yaxshi natija bergan.

Quyidagi usullar orqali eslab qolishni yaxshilash mumkin:

  • ovoz chiqarib o‘qish;

  • o‘qigan ma’lumotlarning kerakli va muhim joylarini yozib olish;

  • yozib olingan ma’lumotlarni 5 marta qayta o‘qish;

  • o‘qigandan tushungan va yod olingan ma’lumotlarni kimgadir aytib berish.

Ushbu o‘rganish amaliyotini o‘zingizda sinab ko‘ring. Bilim olish va uni mustahkamlashdek mashaqqatli mehnatingiz albatta o‘z natijasini beradi. Siz buni uddalaysiz!

 

 

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi L.Turgunova

Faylni tanlang