Soha yangiliklari

Tug‘ilganlik haqida ma’lumotnomani endi onlayn olish mumkin

Farzandingizning tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani my.gov.uz portali orqali uyda o‘tirgan holda onlayn yuklab olish mumkin.

Muhimi, elektron shakldagi ushbu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtirilgan bo‘lib, to‘liq qonuniy kuchga ega.

Mazkur imkoniyat tug‘ilganlikni qayd etishning kompleks davlat xizmati sifatida yo‘lga qo‘yilgani natijasida yaratildi.

Tug‘ruqxona chaqaloq haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda FHDYo bo‘limiga yuboradi va tegishli hujjatlar shakllantiriladi.

Farzand tug‘ilganligi FHDYoda qayd etilgach, onaning my.gov.uz dagi shaxsiy kabinetiga elektron xabarnoma yuboriladi.

Endilikda avval faqat tug‘ruqxonadan QR-kodli qog‘oz shaklida berilgan ma’lumotnomani my.gov.uz orqali istalgan vaqtda yuklab olish imkoniyati mavjud.
 

Ma’lumotnomani qanday olish mumkin?
- my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasiga OneID orqali kiring.
- “Ma’lumotnomalar” bo‘limini tanlang.
- “Tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma” xizmatidan foydalaning. Tayyor elektron hujjatni yuklab oling.



Xizmat bepul. Ortiqcha hujjatlarni yig‘ish yoki FHDYo bo‘limiga borish talab etilmaydi.

Shuningdek, ma’lumotnoma yo‘qolgan yoki shikastlangan taqdirda, uni qayta tiklash uchun FHDYo yoki tug‘ruqxonaga borish shart emas — hujjatni portal orqali qayta yuklab olish mumkin.
 

Eslatma: Onlayn xizmat 2023-yil va undan keyin tug‘ilgan bolalar uchun amal qiladi.
Faylni tanlang