Joriy yilning 11-iyul kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi hamda korxona xodimlari birgalikda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “Taskin” deb nomlangan O‘zbekiston Respublikasidagi birinchi bolalar xospisiga tashrif buyurishdi.

Ushbu tashrifdan asosiy maqsad – og‘ir dard bilan kurashayotgan murg‘ak qalblarga ruhiy ko‘mak ko‘rsatish, ularning yuziga tabassum olib kirish va qalblariga oz bo‘lsa-da quvonch ulashish edi. Shu boisdan, bolajonlar uchun alohida bayramona muhit yaratildi. Ularning sevimli multfilm qahramonlaridan animatorlar taklif etilib, bolalarga quvonchli lahzalar ulashildi. Animatorlar ishtirokidagi qiziqarli chiqishlar, musiqali raqslar va turli sahna ko‘rinishlari bolajonlarga unutilmas taassurotlar hadya etdi.
Tashrif davomida hospis tarbiyalanuvchilariga turli xil kitoblar, rang-barang o‘yinchoqlar, shirinliklar hamda shaxsiy e’tibor va mehr-muhabbat tuhfa etildi. Har bir bolaning quvonchli nigohi, iliq tabassumi va mehrga to‘la nigohlari bu tashrifning nechog‘li muhim va hayotbaxsh bo‘lganini tasdiqlab turardi.

Shuningdek, markaz vakillari hospisdagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, u yerda yaratilgan imkoniyatlar va bemorlar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirishdi. Xodimlar va tibbiyot mutaxassislari bilan samimiy suhbatlar olib borilib, kelgusida ham bu kabi ijtimoiy loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Taskin” – O‘zbekiston Respublikasida ilk bor tashkil etilgan va ayni paytda 20 nafar bemor bolaga mo‘ljallangan ixtisoslashgan bolalar hospisi hisoblanadi. Muassasa og‘ir va davolashga muhtoj – asosan onkologik kasalliklarning to‘rtinchi, ya’ni oxirgi bosqichida bo‘lgan bolalar hamda ularning yaqinlariga psixologik va ijtimoiy ko‘mak berishga qaratilgan. Bu yerda bemor bolalarning yashash sharoitlari yaxshilanishi, ularning ruhiy holatini yengillashtirish, eng asosiysi, ularning hayotini oz bo‘lsa-da yorqin ranglar bilan boyitish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.