2025-yil 23-dekabr kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, faol a’zolari hamda markaziy apparat xodimlari tashabbusi bilan Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan “Taskin” bolalar hospisiga xayriya tashrifi amalga oshirildi.

Mazkur hospis og‘ir — onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolajonlarga tibbiy, ruhiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishga ixtisoslashgan muassasa bo‘lib, bu yerda har bir bola alohida e’tibor va mehr bilan o‘rab olinadi.
Yangi yil bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu tashrif insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat tamoyillarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.

Tashrif doirasida korxona xodimlari tomonidan ixtiyoriy ravishda yig‘ilgan pul mablag‘lari hisobidan bolajonlar uchun esdalik sovg‘alari, quvonch ulashuvchi bayramona tuhfa va zarur buyumlar tayyorlanib, hospis tarbiyalanuvchilariga taqdim etildi. Bu sovg‘alar nafaqat moddiy yordam, balki og‘ir sinovlarga duch kelgan bolalar qalbiga umid, ishonch va iliqlik baxsh etuvchi ezgu niyatlar ifodasi bo‘ldi.

Bolajonlarning yuzidagi samimiy tabassum, ko‘zlaridagi quvonch uchqunlari tashrif ishtirokchilarining qalbini chuqur hayajonga soldi. Ushbu xayriya tadbiri har bir inson uchun beg‘araz yaxshilik qilish, ehtiyojmandlarga mehr ko‘rsatish naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.

“Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a’zolari kelgusida ham ijtimoiy mas’uliyat, insonparvarlik va ezgulik tamoyillariga sodiq qolgan holda bunday xayriya va ko‘ngilli tashabbuslarni davom ettirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Zero, bir bolaning quvonchi — butun jamiyatning baxtidir.



