Joriy yilning 18-mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Ma’naviyat va ma’rifat“ markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin – Navro‘z” shiori ostidagi saylda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK boshlig‘i o‘rinbosari A.X.Xashimxodjayev hamda Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mas’ul N.M.Obidova ishtirok etdilar.

Bayramda universitet rahbariyati iliq ehtirom bilan barcha tizim rahbar va xodimlarni “Navro‘z“ saylini tomosha qilishga taklif etib ekskursiya tashkil etdilar. Unda, bayram shukuhi ostida sumalak party, Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqs chiqishlari, Oʻzbekiston hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi turli hududlari an'analarini, urf-odatlarini aks ettiruvchi burchaklar tomosha qilindi.

Talabalar, professor-o‘qituvchilar va universitet jamoasi bir joyga jamlanib milliy qadriyatlarimizni namoyon etdilar. Bayramona kayfiyat, qo‘shiq va raqslar bilan bezatilgan ushbu tadbir barchaga unutilmas onlarni tuhfa etdi!

Shundan so‘ng, barcha tizim korxona va tashkilotlar rahbar va xodimlari “Ma’naviyat va ma’rifat“ markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Markaz davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilganligi hamda ushbu maskan yoshlarni milliy tarix, madaniyat va ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi haqida bir qancha qiziqarli faktlar bilan ma'lumotlar berildi.


Markazning asosiy yo‘nalishlari:
– Milliy hunarmandchilik – an’anaviy san’at va hunarmandlik namunalari;
– Jadidlar burchagi – jadidchilik harakati namoyondalarining hayoti va merosi;
– Renessans poydevori namoyondalari burchagi – buyuk allomalar va mutafakkirlar haqida ma’lumotlar;
– Said Ahmad va Saida Zunnunovalar muzeyi – taniqli yozuvchi va shoirlarning ijodiga bag‘ishlangan ekspozitsiya;
– “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” burchagi – mamlakat taraqqiyotiga oid materiallar;
– Ijodkor yoshlar klubi – talabalarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maydonchasi.
Mehmonlarga markaz faoliyati, jumladan, Ijodkor yoshlar klubi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari, zo‘ravonlikka qarshi va gender tenglik bo‘yicha guruhlar hamda psixologik ko‘mak xizmati haqida taqdimotlar namoyish etildi.
