"EMMM" DUK yangiliklari

Til — millat ko‘zgusi

Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir.

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari bilan uzviy bog‘liq. O‘zbek tilining jozibasi momolarimiz allasi, maqomlarimiz, ertak va afsonalarimiz, romanu dostonlarimizning sehrli satrlarida, jiloli ohanglarida aks etgan. Tarixga nazar solsak, buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytgan hamda nodir ma’naviy meros, qadriyatlarimizga asos solganligiga guvoh bo‘lamiz.

Jasur va matonatli xalqimiz har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini — milliy g‘ururini saqlab qoldi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin uni rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.

Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Xususan, 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda. 

O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonmoqda. Iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.

Xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda bu go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.

Mamlakatimizning Asosiy qonuni — Konstitusiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi. Yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oynai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir. Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.

Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan. Bu borada axborot-kommunikasiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi. Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.

Til — millatning ko‘zgusi bo‘lib, unda tarix - o‘tmish va kelajak jonlanadi. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, moʻjizaviy buloqlardek toza va musaffo bo‘lishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz va mislsizdir. Ona tilimizning tabiiyligi uchun kurashish, og‘zaki va yozma nutqda til me’yorlariga rioya qilish, uning tarovatini saqlab qolish barchamizning eng muqaddas va sharafli burchimizdir.

Xususan, kuni kecha Navoiy viloyati EMMX xodimlari ishtirokida “Til-millat ko‘zgusi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

 

Davra suhbati davomida xizmat muhandisi A.Narziyev tomonidan o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart – sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidlandi.

Faylni tanlang