Xizmatimizda ahil jamoani mamlakatimizning mo‘jizaviy va so‘lim go‘shalaridan bahramand bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida tashkilotimizning Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida joriy yilning 12‑13-sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari uchun Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga sayohat uyushtirildi.
Sayohatimizning ilk kunini Qashqadaryo viloyatining so‘lim go‘shalaridan biri — Miraki dam olish maskanidan boshladik. Tog‘ havosi, atrofdagi yashillik va shovullab oqib turgan suvlar ishxonadagi kundalik tashvishlarni unutib, haqiqiy hordiq chiqarishimizga zamin yaratdi. Jamoamiz bilan tabiat qo‘ynida suhbatlashib, yanada jipslashdik.

Mirakidan qaytishda Shahrisabz shahridagi buyuk tarixiy obida — Amir Temur davlatining ramzi bo‘lmish Oqsaroy majmuasini ziyorat qildik. Oqsaroyning mahobatli peshtoqlari, qadimiy va boy tariximiz ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lganda, qalbimizda faxr tuyg‘usi jo‘sh urdi. Bu yerda tushgan jamoaviy suratlarimiz albomimizning eng to‘rida joy oladigan bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida esa mo‘jizaviy shifobaxsh buloq — Xo‘jamayxona bo‘ldi. Tog‘lar orasidan otilib chiquvchi bu ulkan va muzdek suvli buloqning manzarasi insonga o‘zgacha quvvat bag‘ishlar ekan.

Keyingi manzilimiz esa eng unutilmas nuqtalaridan biri Omonxona shifobaxsh maskani bo‘ldi. Bu yerdagi shifobaxsh suvdan ichib, tog‘lar go‘zalligidan bahramand bo‘ldik. Omonxonaning toza havosi va tinchlantiruvchi tabiati sayohatimizga go‘zal bir nuqta qo‘ydi.

Ikkinchi kuni bizni yanada hayratlanarli sayohat kutayotgan edi. Erta tongdan Surxondaryoning dunyoga mashhur Sangardak sharsharasi sari yo‘l oldik. Tog‘ qoyalaridan sizib chiqib, go‘yoki sehrli yomg‘ir kabi yog‘ilib turgan sharshara suvi barchamizni lol qoldirdi. Sangardakning salqin shabadasi va suv zarralari charchog‘imizni bir zumda tarqatib yubordi.


Bu sayohat nafaqat yurtimizning mo‘jizaviy go‘shalarini qayta kashf etishga, balki ishxonamizdagi o‘zaro mehr-oqibat, jamoaviy ruh va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu safardan bir olam yorqin taassurotlar, kuch-quvvat va yangi ish kunlari uchun yuqori motivatsiya bilan qaytdik.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX
1-toifali muhandisi M.Dlekeev