"EMMM" DUK yangiliklari

Til millat ko‘zgusidir

Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni onaga qiyoslanishi bejiz emas. Inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas.

1989-yil 21-oktabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Aynan shu kunda oʻzbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berildi. Oʻzbek millati uchun dunyoga katta yo‘l ochildi. 

Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan soʻng barcha davlat hujjatlari oʻzbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. 1993-yil 2-sentabrda “Lotin tiliga asoslangan oʻzbek alifbosini tuzish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganidan soʻng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib oʻrin egallashiga yoʻl ochdi. Shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak 5600 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida: dunyoda oʻzbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purmaʼno va jozibadorligining yorqin dalilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini amalga oshirish doirasida 2022-yil fevral oyida Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari o‘rtasida “O‘zbek tili-davlat tili” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.

Davra suhbati davomida o‘zbek tili rivoji uchun o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan, buyuk mutafakkir g‘azal mulkining sultoni - Alisher Navoiyning turkiy tilda yozgan asarlaridan parchalar keltirildi.

Chun topdim ul Qalam ichra kamol,
Turk alfozi bilan surdim maqom.
Turk nazmida chu men tortib qalam,
Ayladim ul mamlakatni yoqqalam
!

Shu bilan bir qatorda, XX-asr o‘zbek tilini rivoji uchun o‘zini hissasini qo‘shgan buyuk adiblarimiz hamda shoirlarimiz asarlaridan parchalar o‘qildi. Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash xamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.

O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz hamda har birimizdan o‘z davlat tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz zarurligi ta’kidlandi.


Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX tarmoq muhandisi U.B.Shodmonov

Faylni tanlang