"EMMM" DUK yangiliklari

O‘zbek tili - millat tili

Oʻzbek tilimiz “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlib, xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir“.

Avvalo, o‘zbek tilining salohiyatini oshirish, boyitish, nufuzini yanada yaxshilash, dunyo hamjamiyati oldida tilimizning fayzu tarovati va jozibadorligini namoyish etish uchun yangi imkoniyat eshiklari ochildi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek , dunyo tamaddunida millatning o‘zligini, xalqning takomil darajasini belgilovchi muhim omillaridan biri – til. Ona tilining rivoji, unda yaratilgan osori-atiqalar, maʼnaviy merosning ko‘lamiga, ona tilini o‘rganish, tahlil etish ko‘nikmasining shakllanishiga qarab millatga baho beriladi. Aslida dunyo bo‘yicha mavjud 7 mingdan ziyod tildan bor-yo‘g‘i 200 taga yaqiniga rasmiy maqom berilgani ham shu jihat bilan belgilanadi.

Milliy til haqida soʻz borar ekan, beixtiyor maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu soʻzlari yodga tushadi: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

O‘zbek tilining mavqei va nufuzini oshirish uchun mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan, “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. 2020-yil 10-aprelda esa “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida” Qonun qabul qilindi. 2020-yil 20-oktyabrda bu borada yana bir muhim hujjat — Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarori ijrolari o‘laroq Andijon viloyayi Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari 2021-yil Elmurod Abduvaliyev, 2022 -yil O‘tkirbek Qodirov va Ulug‘bek Shodmonov O‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish kursida qatnashdilar. “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK va viloyat bo‘linmalarda barcha ish yuritish hujjatlari, tadbirlar, peshlavhalar va boshqa yozuvlar davlat tilida bo‘lishi, boshqa tashkilotlar bilan yozishmalar va hujjat ishlari davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) yuritilishini ta’minlash maqsadida davra suxbatlari va texnik o‘qish tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, ijtimoiy hayotimizda davlat tili, maʼnaviy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda barchamiz birdek masʼulmiz.

Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX muhandisi K.X. Atadjanov

Faylni tanlang