Joriy yilning 29-avgust kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari faol ishtirok etdilar. Bu esa yurtimiz mustaqilligi bayramini bir butun jamoa bo‘lib nishonlashning yaqqol ifodasiga aylandi.
Tadbirni boshliq o‘rinbosari A.X. Xashimxodjayev olib bordilar. O‘z nutqlarida mustaqillik xalqimiz uchun erkinlik, ozodlik va farovon hayot ramzi ekanini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida so‘z yuritdilar.
Bundan o‘ttiz to‘rt yil oldin murakkab tarixiy sharoitda qo‘lga kiritilgan eng ulug‘, eng aziz Vatanimizning mustaqilligi bugungi kunda ko‘pmillatli xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida jipslashtirib, yangi yutuq va marralar sari chorlamoqda.
Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqdaligi haqida ta'kidlab o‘tildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mustaqillik biz uchun bebaho ne’mat ekanini, uni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash har bir fuqaroning sharafli burchi ekanini chuqur his etdilar. Badiiy chiqishlarda Vatan madhiga bag‘ishlangan she’rlar o'qildi, bu esa yig‘ilganlarning qalbida faxr va g‘urur tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Shu tariqa, tadbir nafaqat bayramona kayfiyat ulashdi, balki xodimlarning yurtga bo‘lgan sadoqati, mustaqillik ne’matiga bo‘lgan cheksiz minnatdorligini yanada mustahkamladi.