Soha yangiliklari

Toshkent shahridagi Inha universitetida an’anaviy “Google I/O 2017 Extended” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2017 yilning 20 may kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida an’anaviy “Google I/O 2017 Extended” konferensiyasi o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada 300 nafardan ortiq ishlab chiqaruvchilar, dasturchilar va O‘zbekistondagi ko‘pgina universitetlardan talabalar ishtirok etishdi.
 
 
“Google I/O” – ishlab chiqaruvchilarga mo‘ljallangan an’anaviy konferensiya “Google” kompaniyasi tomonidan San-Fransisko (Kaliforniya shtati, AQSh) shahrida o‘tkazilib, unda “Google” kompaniyasining so‘nggi dastur ishlanmalari hamda innovatsion yechimlari muhokama qilinadi.
 
Konferensiya davomida “Google” kompaniyasi Android (Android 8.0 yoki «O») operatsion tizimining yangi talqinini, “Android Go” tizimining yengillashtirilgan talqinini, “Google Assistant” va “Google Photos” servislarining yangi imkoniyatlarini taqdim etib, AQShdan tashqarida bo‘lgan “Google Home” “aqlli” uy tizimining ishga tushirilganligini ma’lum qildi. Kompaniya shuningdek, virtual reallik sohasidagi o‘z yechimlari va takliflarini ham taqdim etdi.

Kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan konferensiyaning birinchi qismida ishtirokchilar “Google I/O 2017” asosiy tadbirida namoyish etilgan “Google” kompaniyasining yangi yechimlari va mahsulotlari bilan tanishdilar.

IUTda o‘tgan tadbir davomida mahalliy IT kompaniyalari vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ular IT-sohasining turli yo‘nalishlaridagi o‘z bilimlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular orasida UzMobile, Stolik.uz, Datasite, Huawei, Super Dispatch, Texnoman, Payme, Newmax, ASBT, United Games, Net Extension, Delphi.uz, Brandbox Branding, Zefir VR va boshqa shu kabi kompaniyalarning mutaxassislari bor edi.

Qatnashchilar shuningdek, veb va mobil ilovalar yaratish bo‘yicha amaliy sessiyalarda, kompyuter o‘yinlari va xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etishdi.
Muallif: Axborot xizmati
Faylni tanlang